Litvalik o‘qituvchi o‘zining 77 nafar o‘quvchisiga sil yuqtirdi

Jahon 23:45 / 11.03.2016 1719

Litvaning Skuodas shahridagi maktab o‘qituvchisi o‘zining 77 nafar o‘quvchisiga sil yuqtirdi. Bu haqda Litva parlamentining sog‘liqni saqlash qo‘mitasi yig‘ilishida Klaypeds jamoatchilik salomatligi markazi direktori Rimantas-Yonas Pilipavichyus ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

"Bugun maktabning 568 nafar o‘quvchisiga Mantu emlashi qilindi: 1-4-sinflarda 4 nafar o‘quvchida, 5-8-sinflarda 73 nafar o‘quvchida, jami 77 nafar o‘quvchida silga ijobiy natija chiqqan", deb aytdi Pilipavichyus.

Uning aytishicha, joriy yilda avvalroq maktabdagi o‘qituvchilarning birida silning ochiq shakli aniqlangandi.

Litva fan va ta'lim vaziri o‘rinbosari Natalya Istominaning aytishicha, silning tarqalishiga o‘qituvchining o‘z salomatligiga bee'tiborligi sabab bo‘lgan.

"O‘qituvchi sil bilan kasallanganini bilmagan, biroq yo‘talib yurgan. Uning bu yo‘taliga atrofdagilar va hamkasblari e'tibor qaratishgan. Biroq u shifokorlarga uchrashmagan", deb aytdi Istomina.

O‘qituvchida xavfli kasallik borligi joriy yil boshida ikki nafar o‘quvchi sil kasali tashxisi bilan gospitalizatsiya qilingandan keyin aniqlangan. Bundan keyin maktabning barcha xodimlari o‘pkani rentgen qildirgani yuborilgan.

"Rentgen qilingan kundayoq o‘qituvchi shifoxonaga yotqazildi", deb aytdi Istomina.

Shifokorlarning aniqlashicha, o‘qituvchining o‘pkasida o‘zgarishlar bir necha yil avvaloq boshlangan, biroq u bundan bexabar bo‘lgan.

Skuodas meri Pyatras Pushinskas vaziyat nazorat ostiga olingani ta'kidlab o‘tdi.

"Biz dezinfeksiya uchun pul ajratdik. Kasallangan o‘quvchilarning oilalari va maktab jamoasi tekshiruvdan o‘tqazildi", deb aytdi mer.

Ko‘proq yangiliklar: