Joriy yilning 1-6 mart kunlari Kiprning Protaras shahrida matematika fani bo‘yicha “SEEMOUS” o‘ninchi xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi. Unda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Kipr ta'lim va madaniyat vazirligi, matematika jamiyati hamda Janubi-Sharqiy Yevropa matematika jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur intellektual bellashuvda yigirmadan ortiq mamlakatdan 43 universitet jamoasining 150dan ziyod iqtidorli talabalari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
Tanlovda qatnashgan O‘zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibrohimov bittadan oltin medal, Mirmuhsin Mahmudov maxsus diplom bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston milliy universitetida bo‘lib o‘tgan g‘oliblarni taqdirlash tadbirida g‘olib va sovrindorlarga diplomlar topshirildi.