Ingushetiyadagi masjid oldida avtomobil portladi

Jahon 17:57 / 11.03.2016 1187

Rossiyaning Nazran shahridagi Nosir-Kortov masjidida o‘tayotgan juma ibodati vaqtida masjid yaqinida avtomobil portladi. Bu haqda Ingushetiyadagi huquqni muhofaza qilish organlariga asoslangan holda TASS axborot agentligi xabar tarqatgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, portlovchi qurilma orqali portlash sodir etilgan.

"Bu avtomobildagi gaz balloni portlashi emasdi. Kuchli portlovchi qurilma harakatga keldi", deydi manba. Uning aytishicha, 5 kg trotil ekvivalentidagi portlash ro‘y bergan.

Jabrlanuvchilardan birining aytishicha, portlovchi qurilma o‘rnatilgan VAZ-2107 avtomobili kishilar masjidga kirib ketganidan keyin shu hududga kirib kelgan. Jabrlanuvchi shaxs Ingushetiya respublika klinikasiga og‘ir ahvolda keltirilgan.

Xabarda aytilishicha, bu voqea Moskva vaqti bilan soat 13:40da ro‘y bergan. Qurilma o‘rnatilgan avtomobil butunlay yaroqsiz holga kelgan, portlash atrofdagi 5 mashinaga ta'sir ko‘rsatgan.

Ayni vaqtda maxsus guruhlar hodisa tafsilotlarini o‘rganishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: