Muhtaram yurtboshimiz Islom Karimovning 2016 yil 19 fevral kungi “2016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Ellikqal'a tumanida maqsadli reja asosida ishlar yo‘lga qo‘yildi..
Tumanda Navro‘z umumxalq bayram tadbirlari barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona, tashkilot va muassasalarda keng nishonlash va yuqori saviyada o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2 mart kuni “Guliston” va “Qizilqum” ovul fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tdi.
Bugun esa tuman markazi Bo‘ston shahridagi sumalak sayillari davom ettirildi. Nuroniy onaxonlar doshqozonlarda sumalak va milliy taomlar tayyorlangan bo‘lsa, milliy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar, hunarmandlar va yosh rassomlar ko‘rgazmalari, milliy taomlar ko‘rgazmalari bayramni yanada jozibali o‘tishini ta'minladi. Ot choptirish, qo‘chqor urushtirish, xo‘roz urushtirish, milliy kurash, varrak uchirish, tosh ko‘tarish, bektosh kabi milliy o‘yinlar Navro‘z sayliga o‘zgacha uyg‘unlik baxsh etdi.
Tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturida tumandagi san'at ustalari, yosh ijodkorlar o‘z ijod na'munalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirlarni tashkil etishda keng jamoatchilik, aholining barcha qatlam vakillari tashabbuskorligini oshirish maqsadida ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarini, aholini keng jalb etish orqali ko‘p qavatli uylar atrofini, mahalla va guzarlar, bozorlar, ziyoratgohlar va qabristonlar hududlarida va boshqa infratuzilma obektlarida obodonlashtirish ishlari muntazam tashkil qilinmoqda. Tumandagi har bir fuqaro “Mustaqilligimizning 25 yilligiga 25 tup daraxt mening sovg‘am” shioriga amal qilib, yangidan mevali va manzarali ko‘chatlar ekib, shaxarning ko‘rkam ko‘rinishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bayram arafasida aholi ehtiyoji uchun zarur savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, ta'lim muassasalari, zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan yangi 15 dan ortiq obektlari foydalanishga topshiriladi.
Aholi o‘rtasida Navro‘z umumxalq bayramining mazmun-moxiyatini tushuntirish va targ‘ib etish, ular o‘rtasida bayramona kayfiyat, ko‘tarinki ruh va muhit yaratish maqsadida taniqli shoirlar, yozuvchilar, sportchilar, san'at va madaniyat xodimlari ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlarini o‘tkazish, shuningdek madaniy tadbirlar, sport musobaqalari va targ‘ibot-tashviqot ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan. Tumanda asosiy bayram tadbirlari 19 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Dilshodbek Jumaniyozov
Kun.Uz uchun maxsus
Ellikqal'a tumanidan.