Avstraliyalik biologlar qit'aning sharqi Kvinslend shtatida chuchuk suvlarda kun ko‘ruvchi yangi o‘rgimchak turini kashf etishdi.
Uning g‘aroyibligi shunda-ki, u boshqa ajdodlaridek in solmaydi, o‘z qurbonlari haqida esa suv yuzasining tebranishidan bilib oladi.
Olimlar bu yangi turni atoqli amerikalik fizik olim Brayan Grin sharafiga Dolomedes briangreenei deb atashga qaror qilishdi.
Kvinslend muzeyi tadqiqotchi-araxnologi Robert Reyven so‘zlariga ko‘ra, qisqacha ismi Brayan bo‘lgan bu o‘rgimchak suzishni, suv yuzasida sirpanishni va sho‘ng‘ishni biladi. Odatda u suv yuzasida hashorotlarni kutib qotib turadi. O‘ljasiga tashlanib ushlab oladi, zahari bilan karaxtlaydi va cho‘ktiradi, keyin qirg‘oqqa qaytib iste'molni boshlaydi.
O‘rgimchak bir soatgacha suv ostida yura oladi. Hajmi o‘zidan uch barobargacha katta bo‘lgan hashorot, baliqchalarni yenga oladi. Qolaversa, u odamlar uchun uncha xavf tug‘dirmaydi.