Qozog‘istonlik olimlar Qozog‘iston sayyohlik va geografiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Antarktidada Qozog‘istonning qutb stansiyasini ochish taklifini bildirmoqdalar. Bu haqda Janubiy qutbga uyushtirilgan birinchi qozoq ekspeditsiyasining ishtirokchisi, geografiya fanlari doktori Ordenbek Mazbayev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda "Kazinform" axborot agentligi.
"Qozog‘iston Antarktika haqidagi xalqaro bitimga kirishi, uni ratifikatsiya qilishi rejalashtirilmoqda. Stantsiya Qozog‘iston fani, biologiyasi, tibbiyoti, iqlimshunosligi, psixologiyasi va geografiyasi manfaati uchun kerak. Bu noyob tajriba maydonchasi bo‘ladi", deb aytdi Mazbayev.
Olim bu tashabbusni qozog‘istonliklar, jumladan homiylik bilan qo‘llab-quvvatlashlariga umid bildirmoqda.
Antarktika haqidagi bitim Antarktida hududini qurolsizlantirish, undan faqatgina tinchlik maqsadida foydalanish va yadroviy quroldan ozod hududga aylantirishni ko‘zda tutuvchi kelishuvdir. Ushbu shartnoma 1959 yil 1 dekabrda Vashingtonda tuzilgan. Ayni vaqtda unga 46 davlat a'zo.