Reuters: Eron Rossiya va OPeKning kelishuviga xalaqit bermoqda

Jahon 21:46 / 10.03.2016 4129

Reuters axborot agentligi o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, Rossiyada 20 mart kuni neft hajmini muzlatish bo‘yicha yangi muzokaralar o‘tishi kerak, biroq bunga Eron xalaqit qilmoqda. Eron neft hajmini yanvar oyi darajasida qoldirishni istamayapti.

Eron hukumatining fikricha, ular kelishuvga qo‘shilishga va uning umumiy shartlariga amal qilishga majbur emas, chunki Eron sanksiyalar bekor qilingandan keyin neft qazib olishni oshirish va neftni eksport qilishga umid qilmoqda. Eronning bunday qat'iy munosabati Kuvayt fikriga ta'sir qildi. Kuvayt vakili noma'lum qolish sharti bilan agar neft bozorining barcha eng yirik ishtirokchilari, jumladan Eron kelishuvga qo‘shilmasa, qirollik ham kelishuvga qo‘shilmasligini aytgan.

"Ular avval ham kelisha olishmagan. Yana uchrashishning nima keragi bor? Eron neft qazib olishni qisqartirmaydi, kelishuvning muvaffaqiyati esa faqat ungagina bog‘liq", deb aytdi axborot agentligiga OPeKga kiruvchi neft ishlab chiqaruvchi yirik davlat vakili.

OPeKning bir qator vakillari uchrashuv bo‘lib o‘tguncha neft narxining yana pasayishidan xavotirlanmoqda.

"Bizning fikrimizcha, istiqboli yo‘q uchrashuvda ishtirok etishdan ma'no yo‘q, chunki bu neft narxlariga yana zarba berishi mumkin", deb aytdi OPeKka a'zo davlatning yana bir vakili va gap Rossiyadagi uchrashuv haqida ketayotganini qo‘shimcha qilgan.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Eron sanksiyagacha bo‘lgan neft qazib olish hajmini, ya'ni kuniga 4 mln barrel neft qazib olish hajmini to‘liq tiklamoqchi. Bu masalani tartibga solish uchun Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak Eronga borib, Eronga kelishuvga qo‘shilishni taklif qilish uchun muzokaralar o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: