Iroda Shukurova ismli internet foydalanuvchisi bog‘chadagi 4 yoshli qizining tarbiyachi ehtiyotsizligi oqibatida kuyish jarohati olgani, birinchi yordamni ko‘rsatilmagani haqida “Maslahat” guruhida kuyinib ma'lum qildi.
“1 Mart kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 484-bog‘chada 4 yashar qizim tarbiyachasi tufayli kuyib qoldi. Tarbiyachi qaynoq ovqatni suzayotganda qizchamning bo‘yni va dahaniga to‘kib yuborgan. Eng achinarli tomoni, qizimga birinchi yordam ham ko‘rsatilmagan va hattoki menga xabar berishmagan. Tarbiyachi kuygan joyidagi pufakchalarni o‘zboshimchalik bilan yorib, ko‘chirib tashlab, qizimni uxlashga majbur qilgan. Bilmayman, qizim bu og‘riq bilan qay ahvolda yotgan ekan...”, deydi ona.
Shikoyatchi 484-MTM bog‘cha mudirasining bundan hatto xabari bo‘lmagani, chora ham ko‘rmaganini aytib, uni mas'uliyatsiz, lavozimiga noloyiq, deb baholaydi.
Ma'lum bo‘lishicha, qizcha keyinroq Respublika Shoshilinch Tibbiy Yordam Ilmiy Markaziga kombustiologiya bo‘limiga olib borilgan va shifokor unga birinchi yordam ko‘rsatgan. Ular qizchaning 1-2-darajali kuyish jarohati olgani haqida ma'lumotnoma berishgan.
“Men bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga, bosh vazirga, Xalq ta'limi vazirligi ishonch telefoniga, Tuman xalq ta'limi boshqarmasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildim.
Axir prezidentimiz tomonidan bu yil Sog‘lom ona va bola yili deb e'lon qilinishi bejiz emas. Hukumatimiz yurt kelajagi bo‘lgan bolalarga katta e'tibor qaratayotgan bir paytda, bog‘chada farzandimga shunday loqaydlik bilan tan jarohati yetkazib o‘tirishsa-ya...
Mendan hozirda shikoyat arizamni qaytib olishimni so‘rashyapti. Mening maqsadim esa bizning oilamiz boshiga tushgan bunday ayanchli tashvish boshqa oila farzandlari boshiga tushish xavfini oldini olish hamda ularga beraladigan jazo va choralar boshqa bog‘chadagi tarbiyachi va bog‘cha mudiralariga saboq bo‘lishini istardim”, deb mulohaza bildirgan shikoyatchi.