"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi mutaxassislari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari bilan "Toshkent-4" yangi yo‘lovchi terminalini qurish loyihasini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdilar.
Yig‘ilish davomida mutaxassislar yangi terminalning qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilishining oraliq natijalarini ko‘rib chiqdilar.
Yig‘ilishdan maqsad koreyalik mutaxassislar tomonidan yangi terminalning texnik-iqtisodiy asoslanishini samarali ishlab chiqish va ishonchliligi uchun o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma'lumot almashish bo‘ldi.
Texnik-iqtisodiy asoslanish mualliflari qilingan ishlar haqida, jumladan aerodrom hududi, aerovokzal maydoni va "Toshkent-2" terminali holati, yo‘llar va binolarning joylashishi haqida taqdimot namoyish qilishdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari "Toshkent-4" aerovokzalining yangi binosi, aerodrom qismi, vokzaloldi hududi loyihalanishi, loyihaning moliyalashtirilishi rejasi va jarayoni bilan tanishtirildilar.