O‘zbekiston BMT bosh kotibiga rasmiy maktub yuborib, Shanxay xalqaro hamkorlik tashkiloti faoliyati haqida hisobot berdi. Bu haqda BMT yangiliklar markazi saytida ma'lum qilingan.
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Muzaffar Marahimovning maktubida ShHTga a'zo mamlakatlar «ishonch va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlariga asoslangan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar»ni amalga oshirgani aytilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili ayni vaqtda ShHTning doimiy faoliyatda bo‘lgan ikkita organi — bosh qarorgohi Pekinda bo‘lgan Kotibiyat va bosh qarorgohi Toshkentda bo‘lgan Mintaqaviy aksilterrorchilik tuzilmasi samarali ish olib borayotgani, 2015 yilda Hindiston va Pokistonning ShHTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha jarayonlar boshlangani haqida ma'lum qilgan.
«ShHT mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish, ishbilarmonlar va moliyaviy tashkilotlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishning muhimligini e'tiborda tutadi», — deya iqtibos keltiriladi ushbu xatdan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning iyul oyida O‘zbekiston ushbu tashkilot raisligini egallagan edi.