London qirollik hamjamiyatining 150 nafardan ortiq yetakchi olimlari, jumladan fizik Stiven Xoking Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqi tarkibidagi o‘rnini saqlab qolishini ma'qullab xat yozishdi. Xat matni The Times gazetasida e'lon qilingan.
Ilm-fan vakillarining fikriga ko‘ra, ilmiy-tadqiqotlarni olib borishni erkin harakatni cheklash fanga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin. Ular mamlakatning Yevroittifoqdan chiqishi Britaniya uchun falokatli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishgan.
Shuningdek, olimlar Shveytsariyaning muhojir ishchilarga nisbatan joriy qilgan cheklovi natijasida iqtidorli olimlarning mamlakat hududiga kelmay qo‘ygani va bu ilm-fanga salbiy ta'sir ko‘rsatganini misol qilib keltirib o‘tishgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Britaniyadagi 200dan ortiq yetakchi kompaniya rahbarlari YeI tarkibida qolishni ma'qullab xat yozishgandi.