Tahlillarga qaraganda, 2015 yilda va joriy yilning o‘tgan oylarida O‘zbekistonda ikki yuzdan ziyod tadbirkor faoliyatida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilgan. Ikki mingga yaqin holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilgan. Ushbu holatlar yuzasidan 92 shaxs intizomiy, 21 shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan hamda 66 noqonuniy qaror bekor qilingan. Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki noqonuniy aralashish holatlari yuzasidan ma'muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha sudlarga kiritilgan taklif asosida uch yuzdan ziyod huquqbuzarga tegishli choralar qo‘llanilgan, deb yozadi O‘zA.
Qolaversa, tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi taklifiga ko‘ra, o‘tgan yilda noqonuniy aralashuvlarga yo‘l qo‘ygan xodim bilan birga, nazorat organlarining 26 nafar rahbari ham javobgarlikka tortilgan.
Adliya idoralari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash maqsadida 2015 yilda tegishli idoralarga ko‘plab taqdimnoma, ogohnoma kiritilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta'minlangan. Bunday choralar natijasida ikki mingga yaqin mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shu jumladan, yuz nafardan ziyodi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.