Kelayotgan dam olish kunlari (12—13 mart) O‘zbekistonda umumxalq hashari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 4 martda qabul qilingan farmoyishi asosida mart-aprel oylari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e'lon qilingan.
12-13 mart kunlari o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hashari Navro‘z umumxalq bayramiga munosib taraddud ko‘rish, xalq orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlikni yanada kuchaytirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatga muvofiq, hashar davomida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli va xususiy uylar atroflari, guzarlar, maydonlar, ziyoratgohlar, ko‘chalar, trotuarlar, ariqlar va bolalar maydonchalari obodonlashtirilishi va tozalanishi kerak.
Mahalla va aholi yashaydigan dahalarda gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, bo‘sh turgan joylarda yashil hududlar tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, muhtoj keksalarga, pensionerlar va imkoniyati cheklangan kishilarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
O‘zbekistonda umumxalq hashari 1 yilda 2 marta o‘tkaziladi: Navro‘z va Mustaqillik bayramlari arafasida.