“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i Samsung televizorlarining Smart TV modellari uchun dastur taqdim etdi.
Dastur «OK Video» deb nomlanib, ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydi va uni Samsung Smart TV dasturlar do‘konidan dunyoning barcha chekkalaridan tekinga yuklab olish mumkin. Kelajakda “Odnoklassniki” boshqa televizor ishlab chiqaruvchilar uchun ham dasturni taqdim etishni rejalashtirgan.
Dasturda nafaqat blogerlar va foydalanuvchilar tomonidan yuklangan videoroliklar, balki sheriklar tomonidan taqdim etilgan professional kontent – kinolar, seriallar, multfilmlar, shuningdek, to‘g‘ridan–to‘g‘ri uzatiluvchi telekanal efirlarini ham topish imkoniyati mavjud. Dasturdagi barcha kontent foydalanuvchilar uchun tekinga va reklamasiz taqdim etiladi.
«OK Video»da birinchi bo‘lib, «RBK», «Dojd», LifeNews, «Mir» va «360 Podmoskove» telekanallari eshittirishlarini boshlashadi.
Bosh sahifada eng mashhur kanallar va videoroliklar bilan birga, shou va teledasturlar, seriallar, kulgili videolar joylashtirilgan bo‘ladi. Videolar ketma-ket avtomatik tarzda birinchisi tugagandan so‘ng keyingisi ko‘rsatiladi.
Videolarni tomosha qilish jarayonida ijro etishni boshqarishning standart funksiyalari foydalanuvchilarga taqdim etiladi: videoni oldinga va orqaga aylantirish, boshqa videoga o‘tkazish va video sifatini o‘zgartirish. Video sifatining maksimal darajasi - Ultra HD (4K). Lekin dastur internet tezligi va televizorning ekraniga moslab sifatni o‘rnatib beradi.