Toshkentga bir martalik ish uchun keluvchilarga guvohnomalar beriladi

Jamiyat 14:31 / 09.03.2016 7376

26 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror (pdf) asosida Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga O‘zbekistonning boshqa hududlaridan kelgan fuqarolarga vaqtinchalik bir martalik ish bilan shug‘ullanish uchun guvohnoma beriladi. Bu haqda «Norma.uz» xabar bergan.

Bunday guvohnomaga ega bo‘lish uchun Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash markaziga tegishli hujjatlarni topshirish talab etiladi.

Endilikda, guvohnoma olish uchun fuqaro Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash markaziga ariza, asl nusxa ko‘rsatilgan holda pasportning nusxasi, 3×4 sm o‘lchamli to‘rtta fotosurat hamda belgilangan shakl bo‘yicha to‘ldirilgan so‘rovnoma taqdim etishi kerak. Hujjatlar topshirilganidan 2 ish kuni o‘tib, guvohnoma beriladi.

Bu guvohnoma Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish muddatiga, shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha hisobga olish muddatiga beriladi. Guvohnomaning amal qilish muddati olti oydan ortiq bo‘lmaydi.

Bu o‘zgarish faqat vaqtinchalikka ishlovchilar uchun bo‘lib, doimiy tarzda ishlovchi fuqarolar uchun taalluqli emas.

Bu o‘zgarish Pasport-viza rejimiga rioya qilish tartibi mustahkamlanganligi va uy-joy fondidan foydalanish tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish doirasida joriy qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: