Xitoyning markaziy qismida joylashgan Chuntsin shahrida 9 yoshli bolaning onasi o‘z farzandini kuniga 16 soatdan o‘qishga majbur qilmoqda. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda.
Bola maktabdan qaytayotgan paytda ham uy ishini bajarib ketadi, darsdan tashqari vaqtda hattotlik, suzish va matematika bilan shug‘ullanadi. Bola bularning barchasiga ulgurish uchun har kuni ertalab soat 5 da uyg‘onadi va soat 6 dan qo‘shimcha mashg‘ulotlarni boshlaydi. Bolaga faqatgina kechki soat 22 da dars qilishni to‘xtatishga ruxsat beriladi, shunday keyin bola uyquga ketadi.
Bolaning onasi bunday tarbiya usulini o‘z otasidan meros qilib olgani, uning otasi ham uni yoshligida xuddi shunday usulda tarbiyalaganini ta'kidlamoqda. "Agar o‘g‘lim kelajakda o‘ziga yengil hayotni ta'minlamoqchi bo‘lsa, unda hozirdanoq tinmay mehnat qilishi kerak", deb aytdi ayol.
Onaning aytishicha, o‘g‘lining jadvalidagi har band uning rivojlanishi uchun qaratilgan. Ayolning aytishicha, o‘g‘lining pianinoda chalishni o‘rganishi unda artistiklikni rivojlantirishga va o‘ziga sevikli yor topishida yordam beradi. Matematika bo‘yicha mashg‘ulotlar esa uni mulohazali va mantiqan fikr yuritishga o‘rgatadi. Ayol o‘g‘liga nisbatan qattiqqo‘llik qilmayotgani, balki bunday tarbiya farzandiga faqatgina "foyda bo‘layotganini" aytmoqda.