Turkiya va Gretsiya o‘zaro munosabatlarni keskinlashtiruvchi xatti-harakatlardan qochishi kerak. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu o‘zining gretsiyalik hamkasbi Nikos Kotzias bilan Afinada bo‘lgan muzokaralardan keyin aytgan.
"Biz ikkala tomon Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlardagi muhitni keskinlashtiruvchi bayonot va harakatlardan qochishi kerak, deb hisoblaymiz", deb aytdi Chovusho‘g‘lu va ikki davlat orasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar borligini qo‘shimcha qildi.
Chovusho‘g‘lu Anqara NATOning Egey dengizini nazorat qilishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. "Biz migratsion inqirozda yordam berish uchun Egey dengizida harakat qilayotgan NATO kuchlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va kelgusida ham shunday qilamiz", deb aytdi Chovusho‘g‘lu.