Savdodan tushgan bir necha milliard so‘mni bankka topshirmagan tadbirkorlar aniqlandi

Jamiyat 16:37 / 04.03.2016 7269

Buxoro viloyati, Buxoro tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Olmos Imkon Savdo” MChJ faoliyatida ayrim qonunbuzarlik holatlari borligi ma'lum bo‘ldi.

“Huquq” nashrining yozishicha, tadbirkor MChJni alkogol mahsulotlari bilan savdo qilishga ixtisoslashtiradi. Buning uchun Toshkent viloyati hokimligidan savdo huquqini beruvchi litsenziya olgan va chakana savdo qilish manzilini Bo‘stonliq tumani Chimgan qishlog‘i qilib belgilab, hisobot topshiradi.

U jinoiy sherigi bilan til biriktirib, savdo tog‘li hududda, aholi kam yashaydigan joylarda amalga oshirilgani haqida soxta hisobot beradi. Aslida esa savdo Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Bu orqali ikki shaxs 2013 yilda davlatga 560 million so‘m miqdorida soliq to‘lash o‘rniga, 140 million so‘m to‘lash bilan cheklangan. 2014 yilda esa savdodan tushgan 7 milliard 199 million 359 ming so‘m naqd pul bankka topshirilmay, o‘zlashtirib yuborilgan.

Shuningdek, ular soxta hujjatlar asosida AT “Savdogarbank”ning Buxoro shahar filialidagi 152 mln. 800 ming so‘m, ATB “Asia Alliance Bank”ning Olmazor tumani filialidagi 300 mln so‘m naqd pulni, yashirish maqsadida, MChJning “Turon bank” Mirrobod tuman filialidagi hisob raqamiga ko‘chirib kelishgan va jinoiy yo‘llar bilan topilgan pulni legallashtirib olishgan.

Ayblanuvchilarga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor sudi ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Ko‘proq yangiliklar: