Janubiy Koreyaning "Ryonxap" axborot agentligining Shimoliy Koreyaning Markaziy telegraf agentligi chop etgan ma'lumotga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, Shimoliy Koreya BMT tomonidan kiritilgan sanksiyalarga yangi raketa sinovlari bilan javob berdi.
Koreya Markaziy telegraf agentligi quyidagicha xabarni chop etgan: "AQSh boshchiligidagi dushman kuchlar Shimoliy Koreyaning mustaqil davlat sifatidagi huquqiga rahna soluvchi mamlakatga qarshi sanksiyalar kiritish haqidagi misli ko‘rilmagan rezolyutsiyani ma'qulladi".
Agentlikning ma'lum qilishicha, bunday sharoitlarlarda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yangi ko‘p maqsadli raketa qurilmasini sinovdan o‘tkazishga shaxsan o‘zi boshchilik qilgan. Ta'kidlanishicha, bu raketalar "Koreya xalq armiyasining zarba beruvchi kuchlarini kuchaytirishga imkon beradi". Kim Chen In, shuningdek, Shimoliy Koreya "milliy mudofaa manfaati yo‘lida yadroviy jangovar kallaklarni istalgan vaqtda ishlatishga tayyor turishi kerak", deb aytdi.
Kim Chen In mintaqadagi vaziyatning keskinlashgani sababli tashqi dushmanlar tomonidan xavf oshayotgan sharoitda "istalgan lahzada" yadroviy qurolni qo‘llashga buyruq berdi va shaxsan o‘zi yangi yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlarining jangovar tayyorligini tekshirdi. Yadroviy arsenalning jangovar holatga keltirilishi Shimoliy Koreyaning yangi harbiy doktrinasining bir qismi hisoblanadi. Unga ko‘ra mamlakat xavf yuzaga kelishi holatida dushmanga javob zarbalarini berishi mumkin.
Bundan tashqari, Shimoliy Koreya yetakchisi olimlar va harbiylarni yaqin orada boshlanadigan AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlari sababli hamda may oyida bo‘lib o‘tadigan Koreya mehnat partiyasining 7-qurultoyi arafasida mamlakatning yadroviy salohiyatini mustahkamlash uchun barcha zaruriy choralarni qabul qilishga chaqirdi.
2 martda BMT Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni qat'iylashtiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. 3 martdayoq Shimoliy Koreya bunga javoban Yapon dengizi yo‘nalishida bir necha raketalarni uchirdi.