Kolumbiyada maxsus amaliyot natijasida 3 tonnadan ortiq kokain musodara qilindi

Jahon 11:52 / 04.03.2016 1531

Kolumbiyadagi maxsus amaliyot natijasida 3 tonnadan ortiq miqdordagi giyohvand modda musodara qilindi. Mamlakat shimoli g‘arbidagi Choko va Antiokiya departamentlarida Markaziy va Shimoliy Amerikaga giyohvand moddalar yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhga qarshi maxsus amaliyotlar o‘tkazilgan.

1,1 tonnadan ortiq kokain kolumbiyalik dengizchilar tomonidan Antiokiya departamenti hududida harakatlanuvchi guruhga tegishli kemada aniqlangan. Kema bortidagilar qochib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. 2 tonna miqdoridagi kokain partiyasi esa tog‘li, harakatlanish qiyin bo‘lgan Akandi munitsipaliteti (Choko) hududida qo‘lga tushirilgan.

Kolumbiya politsiyasi boshlig‘ining ma'lum qilishicha, bu giyohvand moddalar "Usuga klani" a'zolaridan tortib olingan. Bu guruh tarkibida 2,6 ming nafarga yaqin a'zo bo‘lib, uning rahbarini qo‘lga olish uchun uzoq yillardan buyon harakat qilinsada, buning uddasidan chiqilmagan. Bu guruh Janubiy Amerikadagi eng xavfli jinoiy guruhlardan biri sanaladi.

Kolumbiya armiyasi va politsiyasi mamlakat hududidagi narkobiznesga qarshi kurashda davom etmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning boshidan buyon Kolumbiyada 28 tonna giyohvand moddasi musodara qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: