Jahongir Ahmedov: “Majnun” filmi “bo‘laveradichilik” kayfiyati bilan ishlanmadi

Jamiyat 14:55 / 04.03.2016 4396

Joriy yilning 6 mart kuni premera qilinishi kutilayotgan “Majnun” filmi barcha kinomuxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Treyleru suratlar bir taraf bo‘lsa, ijodkorlar o‘rtasidagi mojarolar bir taraf. Ya'ni film katta ekranga chiqamasidanoq shov-shuvlar markaziga aylandi.Takliflarga binoan, www.kun.uz sayti film rejissyori Jahongir Ahmedov bilan suhbat uyushtirdi.

Dastlabki savol “Majnun” filmi premerasining cho‘zilib ketishi bilan bog‘liq. Dunyo kinosi parametrlari bilan o‘lchaganda, bu odatiy vaqt, ammo o‘zbek kinosida bunchalik cho‘zilgan filmlar kam. To‘g‘rimi?

-Albatta. Bu haqida ko‘p so‘rashdi. Bilasizmi, biz ijodkorlar mazkur film ustida ish boshlaganimizda, shoshilmaymiz, erinmaymiz, oddiy detallarni ham o‘tkazib yubormaymiz, deb kelishib olgandik va shunday bo‘ldi ham. Aniqroq aytganda, film “bo‘laveradichilik” kayfi bilan ishlanmadi. Chunki o‘zbek kinosi, ayniqsa, xususiy kinostudiyalarda ishlangan filmlarga ko‘pincha tanqidiy baho berilayapti. Biz ana shu fikrlarni yoddan ko‘tarmagan holda, katta ishtiyoq bilan, tomoshabinlarga manzur bo‘ladigan puxta film suratga olishni maqsad qildik. Men bu film bilan “Kan” yoki “Oskar” mukofotlarini qo‘lga kiritamiz, demoqchi emasman. Lekin, ishontirib ayta olamanki, muxlislarga sifatli, saviyali kino taqdim etamiz.

Premeraning cho‘zilib ketishiga sabablar orasida “Baron” ham bormidi?

-Yo‘q, desam yolg‘on bo‘ladi. Chunki bu film o‘zbek kino olamida katta voqea bo‘lishi kutilayotgandi va shunday bo‘ldi ham. Men filmni u bilan bir vaqtda namoyishga ham qo‘ymagan bo‘lardim. Lekin, to‘g‘risini aytganda, “Majnun” o‘sha paytlarda umuman tayyor ham emasdi. Aytsam ishonmaysiz, hozir ham filmni 100 foiz tayyor, deb aytolmayman. Chunki sifatning yuqori ko‘rsatkichlari bilan montaj va ovozlashtirish ishlari olib borilayapti. Bu ko‘p vaqt talab etadigan jarayon. Masalan, ovoz: Dolby Digital 5.1 Surround Sound—jahon kinosi talabi. Bu tomoshabinlarga o‘zlarini voqelikni ichida his qilish imkonini beradigan sifatli ovoz. Yoki murakkab montaj texnologiyalari. Film bir yil avval bahor oyida bo‘lib o‘tgan. Biroq bizda kuz ob-havosi. Aktyorlarga tog‘liklarga xos tabiiy qiyofani berishda grimning o‘zi kamlik qiladi. Bu ham murakkab montaj texnologiyalari ko‘magida qilindi. Gollivud tajribasida ham shunday, aslida. Bugungi o‘zbek tomoshabini ana shunday sifatli kinofilmlarga o‘rganib bo‘ldi. Tanqidlarning sababi shunda.

“Jahongir Ahmedov komediya janridagi filmlari yaxshi suratga oladi”, deyishadi. Bu shtampga qanday qaraysiz?

-To‘g‘risi, men bunday bo‘lib qolishni xohlamayman. Masalan, biror qo‘shiqchiga “muhabbat kuychisi”, deb ta'rif berilsa, u qo‘liga huddi xaritani tutib olgandek, ana shu sevdim-kuydimning makonida aylanib yuraveradi. Bu shtamp ijodkorni chegaralaydi. O‘zimga kelsak, men o‘zimni o‘ylantirgan, xayolda yetilgan g‘oyalarni kinoga olib chiqishga intilaman. Masalan, hozir fantastik janrdagi film ssenariysini yozayapman. “Majnun”ni ham ana shunday g‘oyalarning filmdagi aksi, deyish mumkin.

“U o‘lmagan, lekin tirik ham emas”. Ko‘pchilik qiziqayapti: u kim yoki nima?

-Hayotda shunday odamlar borki, muhabbatdan, do‘stdan, umuman, bu hayotning zarbalaridan aziyat chekkan. Jismonan tirik, qalban hayot emas. Shior aynan shunday odamlar qalbini ifoda etgan.

Rejissyorning bugungi kino san'ati borasidagi mulohazalarining to‘liq shaklini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: