Fransiya hukumati terrorchilik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish doirasida tegishli idoralar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadigan smartfon ishlab chiqaruvchilarini jazolash me'yorini kiritmoqchi. Jinoiy islohotlar haqidagi qonun loyihasiga tegishli tuzatishni kiritish Fransiya parlamenti quyi palatasi deputatlari tomonidan qabul qilindi.
Qonun hujjatida ta'kidlanishicha, "terrorchilik bilan bog‘liq jinoyat va qoidabuzarliklarni tergov qilayotgan vakolatli sud idoralariga kriptografiya yordamida himoyalangan ma'lumotlarni berishdan bosh tortayotgan xususiy muassasalar" jazolanishi ko‘zda tutiladi.
Ta'kidlanishicha, sanksiyalar ostiga u yoki bu shifrlaydigan mexanizm yaratib va shu tariqa kerakli qurilmani ochish uchun tegishli idoralarga imkoniyat berishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar ham tushadi. Bu modda bo‘yicha jazo tariqasida 5 yilga ozodlikdan mahrum etish va 350 ming yevrogacha jarima to‘lash ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan uyali aloqa operatorlari ham qattiq jazolanadi. Endilikda foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotni oshkor etishdan bosh tortish telefon kompaniyalari vakillariga 15 ming yevrogacha jarimaga tushishi mumkin yoki 2 yilga ozodlikdan mahrum etish bilan xavf soladi.
Bu qonun loyihasini muxolif "Respublikachilar" partiyasi deputatlari kiritdi. "Bu odil sudlov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadigan shifrlash kodlarini yaratuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlikni aniq belgilashga imkon beradi", deb aytdi partiya vakili Filipp Gujon.
Fransiya adliya vaziri Jan-Jak Urvoa bunday qoidaning jinoyat qonunchiligiga kiritilishi maqsadga muvofiqligini tan oldi, biroq uning amal qilishi faqatgina terrorchilik ishlari bilan chegaralangani jinoyat kodeksida muayyan nomutanosiblik keltirib chiqarishidan ogohlantirdi. U mavjud kamchiliklar keyingi parlament debatlarida bartaraf qilinishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.