Yangilangan FIFA: bundan biror natija chiqadimi?

Sport 18:07 / 03.03.2016 3294

Yevropa Futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA)ning yangi bosh kotibi juma kuni saylanadi. Ma'lumki, o‘tgan juma kuni UYeFA bosh kotibi Janni Infantino Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti etib saylangan edi. Shu munosabat bilan u UYeFAdagi lavozimidan voz kechishi kerak.

Ayni damda Yevropa Futbol uyushmalari ittifoqi bosh kotibligiga Teodor Teodoridis asosiy da'vogar ekani aytilmoqda. U shu kunga qadar UYeFA bosh kotibining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelardi. UYeFA Ijroiya qo‘mitasining a'zosi Frantishek Laurinetsning so‘zlariga qaraganda, juma kuni Ijroiya qo‘mitaning majlisi bo‘lib o‘tadi, unda vaqtincha bosh kotib lavozimini bajarib turuvchi saylanadi. May oyida bo‘lib o‘tadigan kongressda bu borada uzil-kesil qaror qabul qilinadi.

UYeFA Bosh kotibi Janni Infantino juma kuni Xalqaro futbol federatsiyasining hisob bo‘yicha to‘qqizinchi prezidenti etib saylandi. Endilikda 45 yoshli amaldor tashkilotni inqirozdan olib chiqishi kerak bo‘ladi. Kongress ishida FIFAga a'zo 209 davlat vakillari ishtirok etdi. Biroq Indoneziya va Kuvayt ovoz berishdan mahrum qilingan edi. Shu sababli 207 ta mamlakat vakili ovoz berishda ishtirok etdi. Prezident saylovi ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Birinchi raunda nomzodlardan hech biri yetarlicha ovoz olmadi. Saylov avvalida nomzodlarning xammasiga o‘z dasturlarini bildirish uchun 15 daqiqadan vaqt berildi. Eng otashin nutq janubiy afrikalik Tokio Seksvale tomonidan idrok etildi. To‘g‘ri u so‘zining yakunida nomzodini qaytarib olishini ma'lum qildi. Natijada to‘rt nomzod qoldi. Biroq ulardan hech biri yetarlicha ovoz olmadi. Birinchi raundda Infantino 88 ta ovoz oldi. Uning asosiy raqibi shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifaga esa 85 ta ovoz nasib qildi. Shahzoda Ali bin Al-Xusayn 27 ta, Jyerom Shampan esa 7 ta ovoz oldi. Ikkinchi raundda esa Infantino 115 delegat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu uning g‘alaba qozonishi uchun yetarli bo‘ldi.

Saylovlar tugashi bilan nutq so‘zlagan Infantino his-hayajonini yashirib o‘tirmadi va FIFA hurmatga sazovor tashkilot ekanini, uning obro‘sini qayta tiklash yo‘lida bor kuchini sarflashini ta'kidladi. Shu tariqa Infantino o‘z ustozi Yozef Blatter lavozinini egalladi. “Infantino tajriba, bilim, strategik va diplomatik ko‘nikmalarga ega. U mening ishimni davom ettira oladi va FIFAdagi vaziyatni barqarorlashtira oladi”, dedi Blatter. Tahlilchilarning fikricha, Infantinoni nafaqat Yevropa balki butun dunyo qo‘llab-quvvatlaydi.

FIFA Kongressida tashkilotni isloh qilishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. Bu hujjatlar maxsus qo‘mita tomonidan tayyorlandi. Ma'lumki, islohotlar o‘tgan yilning dekabrida Ijroiya qo‘mita tomonidan bir ovozdan ma'qullangan edi. Biroq navbatdan tashqari Kongressda unga qarshilar ham topildi. Masalan, Falastin futbol federatsiyasi islohotlarni tanqid qilar ekan, bu islohotlar FIFAni tijorat kompaniyasiga aylantirib qo‘yishini ta'kidladi. Buning natijasi o‘laroq FIFA Nizomiga kiritiladigan o‘zgartishlarni 179 nafar vakil qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 22 kishi qarshi chiqdi. Islohotlardan biriga ko‘ra, bir shaxs to‘rt yilik muddat bilan ketma-ket uch marta FIFA prezidenti etib saylanishi mumkin. Xuddi shu kabi cheklovlar FIFA Kengashi, audit bo‘yicha ijroya qo‘mitasi, sud organlariga ham taalluqlidir. Yangi tuzilmaga ko‘ra, tashkilot Ijroiya qo‘mitasi o‘rniga prezident rahbarligida Kengash tashkil etildi. Bu kengash futbolni rivojlantirishga qaratilgan strategik masalalar bilan shug‘ullanadi. Kengash tarkibiga 36 kishi kiritilgan. Shundan 9 nafari UYeFA, 7 nafardan Osiyo va Afrika futbol konfederatsiyalari, 5 nafardan esa Shimoliy va Markaziy Amerika, 5 nafari esa Janubiy Amerika, 3 nafari esa Okeaniya futbol konfederatsiyalari vakillaridir. Har bir konfederatsiyadan kamida bir ayol Kengashga a'zo bo‘lishi kerak.

Tashkilot qo‘mitalari soni avval 26 ta bo‘lsa, endilikda ularning soni 9 taga kamaytirildi. Bundan keyin har yili prezident, bosh kotib, Kengash a'zolari, qo‘mita raislari va sud idoralari a'zolarining maoshlari e'lon qilinib boriladi.

Tashkilotning moliyaviy ahvoli haqida gapiradigan bo‘lsak, FIFA Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Markus Kattnerning so‘zlariga qaraganda, tashkilot bu borada murakkab vaziyatda turibdi. U tashkilot bosim ostida ekanligini qayd qilar ekan, byudjyetda kamomad kuzatilishidan ogohlantirdi. 2015-2018 yillar uchun 550 million dollar yetishmasligini eslatib o‘tdi.

Biroq FIFA yangi prezidenti Janni Infantino o‘zi boshchiligida tashkilot bankortga uchramasligini va'da qildi. “Moliyaviy vaziyatni to‘g‘ri o‘zanga solish masalasida menda tajriba bor. Biz harajatlarni qisqartirishimiz mumkin. Bu muammo emas. Homiylar FIFAga ishonishlari kerak. Men foyda ko‘rishimizga ishonaman”, dedi Infantino bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. U o‘z so‘zida FIFA prezidentligiga siyosat bilan shug‘ullanish uchun emas, balki futbol rivoji yo‘lida ishlash uchun kelganini ta'kidladi.

Xalqaro Olimpiada Qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax FIFA Prezidenti Janni Infantinoni yangi lavozim bilan tabrikladi va tashkilot islohoti yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Sharofidin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: