O‘zbekistonda Koreya institutining filiali ochiladi

O‘zbekiston 14:15 / 03.03.2016 5062

O‘zbekiston oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligida 29 fevral kuni Koreya fan va texnologiyalar instituti (KAIST – Korea Advanced Institute of Science and Technology) delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda KAIST biznes-maktabining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Delegatsiya rahbari muayyan kelishuvga erishilgan taqdirda Toshkent shahrida KAIST filiali ochilishini ma'lum qildi.

Vazirlik axborot xizmatining xabariga ko‘ra, dastlabki bosqichda moliya fakultetiga 200 nafar talabani qabul qilinadi.
Shuningdek, filialda iqtisodiyot fakulteti ochilishi ham rejalashtirilmoqda.

Delegatsiya a'zolari O‘zbekistonda bu kabi o‘quv muassasalarini ochish shart-sharoitlari va O‘zbekiston fuqarolari uchun maqbul bo‘lgan to‘lov miqdori, kvotani to‘ldirish masalalari bilan qiziqdilar.

KAIST muhandislik va texnik tayyorgarlikka ihtisoslashgan institut bo‘lishiga qaramay, unda moliya va bank ishi, xususan, xususiy sektorni moliyalashtirish, korporotiv moliyalashtirish, moliyaviy marketing va boshqa sohalar bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi.

Universitetning Janubiy Koreya poytaxti va boshqa shaharlaridagi bo‘limlarida besh mingga yaqin talaba tahsil oladi.

KAIST Oliy boshqaruv maktabi, moliya va buxgalterlik hisobi oliy maktabi, Informatsion texnologiyalar va OAVni boshqarish Oliy maktabi, Tabiatni muhofaza qilish oliy maktabi yo‘nalishlarida talabalarga ta'lim beradi.

Ko‘proq yangiliklar: