O‘tgan hafta mobaynida Respublikamiz hududida 282 ta yong‘inlar qayd etilgan. Turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan yong‘inlarda 6 nafar fuqarolar tan jarohatlari olishgan va 9 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Ushbu yong‘inlarda 863 mln. so‘mdan ortiq qurilish konstruksiyalari va 907 mln. so‘mga yaqin moddiy boyliklar yong‘indan saqlab qolingan, deb xabar bermoqda IIV sayti.
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro X.Akromovning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 80 kv.m. maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi fuqaro M.Rixsiyevning uyida isitish pechining dudburoni qizib ketishi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 90 kv.m. maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro B.Umarovning oshxonasidagi gaz plitasiga o‘rnatilgan propan gaz ballonidan sizib chiqqan gaz hidini sezmagan uy egasining qizi, oshxonaga kirib elektr chirog‘ini yoqqan vaqtida xonaga to‘plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida uyning 40 kv. metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan hamda uy egasining qizi K.Manzurova kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Ushbu holatlar beparvolik va e'tiborsizlik tufayli sodir bo‘lmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yong‘in xavfsizligi talablarini yoddan chiqarmang.