AQSh prezidenti Barak Obama BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreyaga nisbatan rezolyutsiyasi qabul qilinganini ma'qulladi. Bu haqdagi bayonot Oq uy saytida chop etildi.
Obamaning ta'kidlashicha, Xavfsizlik kengashida qabul qilingan qat'iy sanksiyalar Pxenyanning ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish dasturlarini to‘xtatishga qaratilgan.
Obama rezolyutsiya Shimoliy Koreyaning ig‘vogarliklari va Xavfsizlik kengashi talablarini buzishiga qarshi dunyo hamjamiyatining javobi ekanligini qo‘shimcha qildi.
"Dunyo hamjamiyati Pxenyanga bir ovozdan qat'iy noma yo‘lladi: Shimoliy Koreya xavfli dasturlardan voz kechishi va o‘z xalqi uchun eng yaxshi yo‘lni tanlashi kerak", deb aytdi Obama.
Avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma'qullagani ma'lum qilingandi.