O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, joriy yilda 8 ming 200 gektardan ko‘proq maydonda yangi bog‘, 5 ming 800 gektarda uzumzor yaratiladi. Tuman va shaharlar markazi, aholi turar joylari, yo‘l bo‘ylari va xiyobonlarga minglab ko‘chat va qalamchalar, gullar va butalar ekiladi.
Jumladan, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bahorda joylarga yetkazib berish uchun 4 million donadan ko‘proq manzarali va mevali daraxt, tok hamda gul ko‘chatlarini tayyorladi.
Joriy yildan institut va uning filiallaridan xarid qilingan har bir ko‘chat uchun nav guvohnomasi ham taqdim etilmoqda. Bu niholga o‘ziga xos kafolatdir. Bozordan ko‘chat olgan kishi tajribali dehqon bo‘lmasa, aldanib qolishi mumkin. Masalan, shaftoli va o‘rik ko‘chatlari bir-biriga o‘xshagani bois hamma ham ularni darrov ajratolmaydi, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.