Angliyaning «Lester» klubi bosh murabbiyi Klaudio Raneri APL doirasidagi «Vest Bromvich»ga qarshi uchrashuvdan (2:2) keyin jamoasining chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.
«Chempionlik poygasida «Arsenal», «Tottenhem» va «Manchester Siti» ishtirok etmoqda, kichkinagina «Lester» esa ularga qarshi turmoqda. Ikkita o‘ta og‘ir o‘yindan keyin to‘plangan to‘rt ochko bu ajoyib natija. Biz sergakmiz va ruhiy jihatdan kurashga tayyormiz.
Bugungi durangga qaramasdan, juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik va bundan qoniqish hosil qildim. Har doim ham g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Meni o‘zimning jamoam va uni mavsum so‘nggida egallab turgan o‘rni qiziqtiradi.
Bugun unchalik omadimiz chopmadi. Ammo qolgan 10ta uchrashuvda omad biz tomonda bo‘lishi mumkinku. Nega yo‘q? Imkon qadar optimist bo‘lish lozim», — dedi Raneri.