Xalqaro futbol federatsiyalar assotsiatsiyasi (FIFA) yangi prezidenti Janni Infantino tashkilot rasmiy saytiga bergan intervyusida futbolga joriy qilinishi mumkin bo‘lgan videotakrorlar uchrashuv dinamikasini buzib qo‘ymasligi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.
«Futbol – bu juda muhim o‘yin, u sport turlari ichida eng chiroylisi va muhimi sanaladi. Biz esa uning xususiyatlarini o‘ldirib qo‘yishni istamaymiz. Futboldagi eng asosiy omil — o‘yinning to‘xtab qolmasligi. Shu jihati bilan u boshqa videotakror talab qiladigan sport turlaridan ajralib turadi.
Futbolda esa muhim qarorlarni chiqaradigan hakamlar mavjud. Biz ularga texnologiyaning qaysi yo‘li orqali yordam berish mumkinligini haqida bosh qotirishimiz zarur. Buning uchun jiddiy sinov o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Buni qancha tez boshlasak shuncha yaxshi. Faqat bitta shart bilan olib kirilgan yangilik o‘yinni buzib qo‘ymasligi kerak», – deya ta'kidladi Infantino.
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) hakamlarga videotakrorlar orqali ko‘mak beruvchi texnologiyani futbolga olib kirish masalasini 5 mart kuni ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.