O‘zbekistondagi barcha ta'lim muassasalarida 1 mart kunidan "Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari boshlandi. Targ‘ibot tadbirlarining ilk kunida Toshkent shahrining Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Olmazor tumanidagi ta'lim muassasalarining jami 10 795 nafar o‘quvchi va talaba-yoshlar jalb etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan joylardagi ta'lim muassasalarida madaniyat va san'at namoyondalari tomonidan “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlarini tashkil etildi. Bu haqda Madaniyat va sport ishlari vazirligi axborot xizmati ma'lum qilgan.
Targ‘ibot tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 yanvardagi 07/02-08-1-sonli “Madaniy-ma'rifiy va targ‘ibot ishlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi” ijrosini doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi vazirliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, Yoshlar madaniyat va san'at markazi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun respublikadagi taniqli shoir, yozuvchi va yosh olimlar, kino va teatr aktyorlari, san'atkorlar va estrada xonandalari hamda “Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat targ‘ibotchilar guruhlari shakllantirildi.
“Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari o‘quvchi va talaba yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini mafkuraviy, ma'naviy va axborot tahdidlaridan ishonchli himoya qilish, ularda g‘oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida joriy yilda barcha umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta'lim muassasalarida tashkil etiladi.
Tadbirlar o‘tkaziladigan barcha ta'lim muassasalarida tadbir boshlangunga qadar yurtimizda mustaqillikkacha bo‘lgan davr hamda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarni aks ettiruvchi “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” nomli fotoko‘rgazma (hududlarning holati va sharoitidan kelib chiqqan holda)lar namoyish etiladi.
Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi hamda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan har bir ta'lim muassasasida “Kecha va bugun” nomli stend tashkil etiladi va unda ta'lim muassasasi qiyofasining, moddiy-texnika bazasining oldingi va hozirgi kundagi holati aks ettirilgan fotosuratlar va ularning qisqacha izohlari joylashtiriladi.
Bundan tashqari, barcha ta'lim muassasalarida “Ibratli yo‘l” nomli stend tashkil etiladi va unda mazkur ta'lim muassasasida ta'lim-tarbiya olgan, bugungi kunda davlat va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan sobiq o‘quvchi-talabalarning, shuningdek, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiylarning fotosurati, ularning hayot yo‘li haqida qisqacha ma'lumotlar joylashtiriladi.
Tadbir avvalida yig‘ilganlarga mustaqillik yillarida mamlakatimizda turli sohalarda, jumladan ta'lim sohasida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida olib borilayotgan ishlar, Qurolli kuchlar tizimidagi islohotlar, milliy armiyaning salohiyati aks ettirilgan, shuningdek, bugungi kunda dunyoning turli davlatlarida yuz berayotgan notinchliklar, diniy ekstremistik xunrezliklar, ularning ortida turgan kuchlar va ularning g‘arazli maqsadlarini ochib berishga qaratilgan qisqa metrajli film yoki slayd-shoular namoyish etiladi.
So‘ng targ‘ibot guruhlari vakillari tomonidan milliy qadriyatlar, madaniy meros, ularning jamiyatda tutgan o‘rni, turli diniy-ekstremistik oqimlarga ko‘r-ko‘rona kirib ketishning salbiy va ayanchli oqibatlari, farzandlarning o‘z ota-onalari va vatani oldidagi burchlari, kasb va hunarga ega bo‘lishning ahamiyati to‘g‘risida, vatanparvarlik, mehr-oqibat, yurtga sadoqat kabi mavzularda fikrlar bildiriladi, teatr, kino aktyorlari, san'atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, konsert dasturlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, targ‘ibot tadbirlari davomida har bir hududdagi tuman va shaharlarda yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirilgan madaniyat va aholi dam olish markazlarida mustaqillik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan, doimiy hushyorlikka chorlaydigan teatr tomoshalari namoyish etiladi.
Tadbir yakuni bo‘yicha o‘quvchi-talabalarning olgan taassurotlari va kelgusi rejalari haqidagi ijodiy ishlari, fikr-mulohazalari, takliflarining eng mukammallari keng ommaga havola etiladi.
Ta'lim muassasalarida o‘tkaziladigan bunday tadbirlar o‘quvchi-yoshlarning mafkuraviy immunitetini yanada kuchaytirishga, ularda vatanparvarlik, shukronalik hissini kamol toptirishga va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchini yanada orttirishga hamda yoshlarni turli salbiy oqim va yot g‘oyalar, zararli illatlar ta'siridan ishonchli asrash va himoyalashga xizmat qiladi.
Toshkent shahridagi ta'lim muassasalari o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari 5 martgacha davom etadi.