The New York Times bilan "matbuot uchun mo‘ljallanmagan suhbat"da Tramp AQShga noqonuniy muhojirlar muammosiga bo‘lgan keskin qarashlarini o‘zgartirishi mumkinligi haqida gapirgan.
"Respublika partiyasidan Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga nomzodlar ichida ilgari borayotgan milliarder Donald Tramp The New York Times gazetasi xodimi bilan "tor doiradagi uchrashuv"da agar u saylovda g‘olib bo‘lsa, AQShga noqonuniy muhojirlar oqimi muammosiga bo‘lgan keskin qarashlarini o‘zgartirishini ma'lum qilgan. Ushbu suhbat audio holida yozib olingani to‘g‘risida 29 fevral kuni mahalliy OAV xabar tarqatgan", deb xabar beradi TASS.
BuzzFeed onlayn-portali yozishicha, ushbu suhbat yanvar oyining boshida Manxettenda The New York Times gazetasi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan. Suhbatning to‘liq mazmuni ma'lum emas. Gazeta tahririyati maxfiylikni saqlash qoidasi bo‘yicha, suhbatni nashr etishdan bosh tortgan.
Ushbu shaxsiy suhbat mavjudligi haqidagi ma'lumotlar tarqalgach, Trampning raqiblari undan suhbatni e'lon qilishga ruxsat berishini talab qilishgan. Floridalik senator Marko Rubioning so‘zlariga ko‘ra, "Trampning qarashlari va niyati aslida qanday ekanligini barcha bilishi lozim".
Eslatib o‘tamiz, Tramp bir necha bor Meksika chegarasida noqonuniy muhojirlar AQShga kira olmasligi uchun ulkan devor qurish rejasi haqida ma'lum qilgan.
Mediamagnatning barcha musulmonlarga AQSh hududiga kirishni taqiqlash lozim degan fikri ham jamoatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Trampning o‘zi bunga mamlakatga musulmonlar bilan birga IShID terroristik guruhlari kirishi xavfi ortishi bilan izohlagan.