Ayni vaqtda Qozog‘iston parlamentining senatida qozog‘istonlik bolalarni farzandlikka olish qoidalarini qat'iylashtiruvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, deb ma'lum qildi RIA “Novosti” axborot agentligiga Qozog‘iston ta'lim va fan vazirligining bolalar huquqini himoya qilish qo‘mitasi raisi Zabira O‘razgaliyeva.
O‘razgaliyevaning aytishicha, senatga "Bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha ba'zi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.
"Parlamentda farzandlikka olish bo‘yicha agentliklar va farzandlikka olish masalalari bo‘yicha talablarni qat'iylashtiruvchi bir qator tuzatishlar ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Unda, jumladan, agentlikning akkreditatsiya olish uchun javobgarligi va majburiyatlari, bolalarga yashash sharotini yaratish bo‘yi javobgarlik ko‘zda tutilgan", deb aytdi O‘razgaliyeva.
O‘razgaliyeva ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda hozirda bolalar uyida 8060 nafar bola tarbiyalanmoqda. Qonunga ko‘ra, qozog‘istonlik bolalarni yaqinlari hamda Qozog‘iston fuqarolari orasida farzandlikka oladigan hech kim topilmasa, ularni xorijliklarga berishga ruxsat berilgan. Xorijliklar orasida AQSh va Ispaniya fuqarolari qozog‘istonlik bolalarni ko‘proq boqib qolgan.
26 fevralda AQShning Vashington shtatidagi Belfeyr shaharchasida Devid Kempbell ismli kimsa o‘zining rafiqasi va u tomonidan boqib olingan, 16 va 18 yoshli Tori va Kuinn ismli o‘g‘il bolalarni otib tashlagan. Qozog‘iston hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, bolalar 2002 yilda 3 va 5 yoshliklarida AQSh fuqarolari tomonidan farzandlikka olingan. Bolalar farzandlikka olingandan keyin oxirgi marta ular haqidagi hisobot 2003 yilda berilgan. AQSh tomonidan bunday hisobotlarning taqdim qilinmagani sababli 2012 yildan hozirgi kungacha AQSh fuqarolari tomonidan Qozog‘istondan birorta bola ham boqib olinmagan.