O‘zbekistonda televizorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi oshiriladi

O‘zbekiston 20:33 / 01.03.2016 7254

O‘zbekistonda keyingi yilda zamonaviy suyuq kristalli televizorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 50 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik nashri muxbiriga Iqtisodiyot vazirligidagi manba.

Bugungi kunda O‘zbekistonda har yili 150 mingtaga yaqin televizor ishlab chiqariladi. Mahalliy bozor Roison, Artel, "Foton" va Zenith Electronics kompaniyalari tomonidan egallangan.

O‘zbekistonlik tezevizor ishlab chiqaruvchilar 2020 yilgacha zamonaviy televizorlarni ishlab chiqarish hajmini 4,4 barobarga, ya'ni 670 mingtagacha yetkazishni oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar. Bu texnika nafaqat O‘zbekistonda sotiladi, balki bunday texnika ishlab chiqarish mavjud bo‘lmagan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga eksport qilinadi. Eng asosiysi, har doim ham sifatli, biroq arzon texnika yetkazib beruvchi xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatga dosh bera olish lozim.

Shuning uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirishmoqchi, chunki bunday loyihalardan asosiy maqsad – mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar import qilinadiganlardan arzonroq bo‘ladi. Bundan tashqari, bu ichki talabni qondirish muammosini hal qilishga va har doim ham sifatli bo‘lavermaydigan xorijiy mahsulotlarni mahalliy mahsulotlar bilan qoplashga imkon beradi.

Bu yo‘nalishdagi ishlar boshlab yuborilgan. Misol uchun, 2014 yilda suyuq kristalli televizorlar ishlab chiqarish mahalliylashtirish darajasi 35 foizdan ortiq bo‘lmagan yirik blokli yig‘ish negizida amalga oshirilgan bo‘lsa, 2015 yilda esa integral bosma platalar, korpus va butlovchi detallar, simlar, distansion boshqarish pultlari va boshqa detallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hisobiga mahalliylashtirish darajasi 40 foizga yetkazildi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 50 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi.

Bu jarayonda Samsung brendi ostida televizorlar ishlab chiqaruvchi Zenith Electronics kompaniyasi o‘zini faol namoyon qilmoqda. Kompaniya Janubiy Koreyadan elektron platalar ishlab chiqaruvchi robotlashtirilgan liniya va elektron mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha uskunalar xarid qilgan. Joriy yilda kompaniya ishlab chiqarishni yanada modernizatsiyalash uchun 1 mln dollar investitsiya qilmoqchi.

"Foton" kompaniyasi esa 42 dyuymli televizorlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bunda kompaniyaga xitoylik investorlar hamkorlik qilishi taxmin qilinmoqda.

Roison kompaniyasi joriy yilning oxirida Jizzaxdagi elektr maishiy texnika zavodini kengaytirishning 2-bosqichini yakunlamoqchi. Bu televizorlar ishlab chiqarish hajmini 200 mingtagacha oshirish imkonini beradi. Loyihaning umumiy qiymati 26 mln dollarni tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: