“Kun” mehmoni” loyihasining mehmoni aktyor Matyoqub Matchonov bugungi o‘zbek kinosida o‘ziga xos xarakteri bilan ajralib turadigan, “bozor ko‘rgan”, qiyofasi jiddiy bo‘lsa-da, tabiati quvnoq, soddadil, ishonuvchan odam obrazini qoyilmaqom ijro etadigan aktyor sifatida ma'lum. U doim suhbatga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi, bilganlarini bilganicha gapiradi, yolg‘onga betoqat, rostgo‘y inson.
“Borgan sari” degan so‘z qo‘shilmasini turli yo‘sinda, turli vaziyat va turli odam uchun qo‘llash mumkin. Aytaylik, borgan sari yaxshi yoki yomon, borgan sari oson yoki qiyin va hokazo. Ijodkorlar uchun kino sohasi borgan sari qiyinlashayaptimi yoki aksincha...?
- Borgan sari qiyinlashayapti yoki borgan sari osonlashayapti, deb tugal fikr aytsam yolg‘on bo‘ladi. Kino sohasida osonlashayotgan va qiyinlashayotgan jihatlarni yetarlicha sanash mumkin. Masalan, texnik imkoniyatlarning kengayishi —rejissyor uchun ham, aktyor uchun ham qulaylik. Bu maromiga yetmagan o‘rinlarni to‘ldirish, boyitish, ta'sirchanligini oshirishga yordam berayapti. Agar rejissyorning shunga aqli yetsa. Butun dunyoda ham aslida shunday. Qiyin tomoni, bugungi auditoriyaning, ya'ni tomoshabinlarning talaba juda kuchli. Ularda bugun butun bir boshli internet degan virtual xazina bor. Bugunning tomoshabini dunyoning eng zo‘r, eng kuchli filmlarini tomosha qilib, ulg‘aymoqda. Endi aytingchi, shunday sharoitda ularni o‘z kinoingiz, o‘z g‘oyangiz bilan lol qoldira olasizmi?! Mana sizga ritorika.
- O‘zbek kinosida bu yil o‘ziga xos shov-shuvlar, katta premeralar bilan boshlandi. Jumladan, “Baron” filmi. Hamkasblaringizning ijodini kuzatish uchun ham filmni ko‘rdingizmi?
Yo‘q, ko‘rmadim. Premeraga Rixsivoy Muhammadjonov bilan bordik, lekin besh daqiqadan keyin chiqib ketdik. Sababi, tomoshabinlarning, ayniqsa, yoshlarning o‘zini tutishi yoqmadi. Teatrda ham shunday. Hozirgi yoshlar oshna-og‘aynilari yoki boshqa tanishlariga o‘zini ko‘rsatgani keladi. O‘tirishni bilmaydi. Replika tashlab, mazax qilib o‘tiradi, xalaqit beradi. Shuning uchun kinoteatrlarda tomoshabin bilan film ko‘rishni yoqtirmayman.
- Kinoqaroqchilar yaxshi imkoniyat yaratib berishdi. Hech bo‘lmaganda shuni topib, ko‘rmadingizmi?
Yo‘q. Bu o‘z hamkasblarimga nisbatan, ularning og‘ir va mashaqqatli mehnatiga nisbatan adolatsizlik. Vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Aytingchi, men bu bilan o‘g‘rilik, qaroqchilikni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lmaymanmi? Tushunmayman, arzimagan bir-ikki so‘m uchun birovlarning yillab qilgan mehnati mahsulini o‘g‘irlab, sotib, keyin uni oilasiga, ota-onasiga qanday yediradi?! Filmga davlatimiz pul ajratgan. Oddiy fuqaro sifatida biz davlatga soliq to‘laymiz. Demakki, muttahamlar bu bilan mening, sizning yoki boshqalarning ham pulini o‘g‘irlashdi, talon-taroj qilishdi. Bu diniy nuqtai nazardan ham, dunyoviy nuqtai nazardan ham mutlaqo noto‘g‘ri. Shuning uchun men “Baron”ning rasman do‘konlarga chiqarilgan diskini sotib olib, ko‘rishni niyat qildim.
Intervyuning videosi
Mazkur suhbat uchun boshlovchi Akmal Mirzo hamda “Salommedia” ijodkorlariga minnatdorlik bildiramiz.