Leonardo Di Kaprioning "Oskar"ga loyiq rollari

Jamiyat 10:44 / 01.03.2016 11844

Leonardo Di Kaprio — iste'dodli aktyor, turli-tuman obrazlarga kira oladi. Ijodiy faoliyatini 14 yoshida boshlagan aktyor megayulduzlar qatorida, uning ismi afishada tilga olinishi filmning kassadagi muvaffaqiyatini ta'minlaydi. 

11 noyabrda aktyor 40 yoshini nishonladi. Shu munosabat bilan Leonardo di Kaprioning uzoq orzu qilingan “Oskar”ga munosib filmlarini esga olamiz. 

 

“Gilbert Greypni nima qiynamoqda?”

Bu di Kaprioning ilk jiddiy ishi. Aktyor unda Arni — 4 yoshida qotib qolgan 18 yoshli yigitni o‘ynaydi. Filmda chindan ham ruhiy kasallikdan azob chekayotgan odam suratga tushgandek tuyuladi. Di Kaprioning aktyorlik iste'dodi ilk bor aynan shu filmda namoyon bo‘lgan. “Oskar” va “Oltin globus”ga nomzodlik fikrimizning isbotidir.  

 

“Plyaj”

Bu filmda di Kaprio erkin hayotni orzu qiladigan amerikalik Richard ismli yigitni o‘ynagan. U sarguzasht istab, romantik Tailandga, qahramonning fikricha, yerdagi jannatga borib qoladi. Biroq hech bir sirli orol odamlarni zo‘ravonlik, beshafqatlik, hasad, loqaydlikdan xalos qilmaydi. Di Kaprio bu yerda ham juda yaxshi o‘ynagan. Muhabbati va kurashi birdek kuchli. 

 

“Nyu-York to‘dasi”

“To‘da”da di Kaprio g‘azabnok qasoskor Amsterdam obrazida namoyon bo‘lgan. Leonardo obrazga kirib, sevimli insondan ayrilish azobini, o‘smirning axloqni tuzatish maktabidagi holatini, qudratli kishilarga bo‘lgan nafratini juda yaxshi ko‘rsatib bergan. 

 

“Tuta olsang, tut meni”

Stiven Spilbergning “Tuta olsang, tut meni” kriminal dramasidagi roli tufayli di Kaprio “Oltin globus”ga nomzod bo‘lgan, biroq kinoakademiklar bunga parvo qilishmadi. Aktyor Frenk Ebigeyl — boylikka ega bo‘lish uchun chek qog‘ozlari yordamida firibgarlik qiladigan qallob yigitni o‘ynagan.  

 

“Aviator”

Ajoyib rejissyor Martin Skorsezening bu filmi Gollivudning gullab-yashnagan davrida yashagan millioner, ixtirochi va kinoprodyuser Govard Xyuz haqida hikoya qiladi. Di Kaprio birdek osonlik bilan samolyot qurgan, filmlar suratga oldirgan va eng go‘zal kinoaktrisalarning ko‘nglini olgan telba daho obrazini juda yaxshi gavdalantirgan.  

 

“Murtadlar”

Politsiya akademiyasining eng yaxshi ikki bitiruvchisi ikki tomonda bo‘lib qoladi: ulardan biri — huquq-tartibot organlari qatoridagi mafiya ayg‘oqchisi (Deymon), ikkinchisi — mafiyaga kiritilgan “ko‘rsichqon” (di Kaprio). Ikkovi ham raqibni topib, yo‘q qilishni o‘zining burchi, deb biladi. Biroq buzilgan hayot ularning ichki olamini o‘zgartiradi. 

 

“Qonli olmos”

Leoning qahramoni Deni Archer — faqat bir maqsadni ko‘zlaydi, u brilliantlarga tashna kontrabandachi. Fuqarolik urushi avjiga chiqqan paytda Serra-Leonega borganda, hayotining bu davri qanday kechishini tasavvur ham qilmaydi. 

 

“La'natlanganlar oroli”

“La'natlanganlar oroli” — Skorseze va di Kaprioning yana bir hamkorlikdagi ishi. Film ilk daqiqalardanoq tomoshabinni o‘ziga jalb qilib oladi. Unda Leonardo marshall Teddi Deniyelsni o‘ynagan. U bolalar qotilini izlab, Bostondan uncha uzoq bo‘lmagan Shatter orolidagi ruhiy kasal jinoyatlar shifoxonasiga borib qoladi. Leonardo qahramonining hamma hissiyotlari, qo‘rquvlari, shubhayu azoblarini o‘zidan o‘tkazayotganga o‘xshaydi. Maqtovga loyiq.

 

“Ibtido”

Leonardoning o‘g‘ri, firibgar va boshqa xil jinoyatchilar qiyofasiga kira olish mahorati xalqaro jinoyatchi rolini qoyilmaqom ijro etishiga yordam berdi. U tijorat maqsadida odamlarning tushlari olamiga kira oladi. Film so‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi fantastik ishlaridan biri bo‘lib, sakkiz nominatsiyada “Oskar”ga nomzod qilib ko‘rsatildi va to‘rtta haykalchani qo‘lga kiritdi. Afsuski, bosh qahramonni o‘ynagan Leonardoga bittasi ham nasib qilmadi. 

 

“Ozod Jango”

Kventin Tarantinoning “Ozod Jango” filmida di Kaprioga yovuzlik ishlarini “jyentlmen” maqomi ostida pinhon tutadigan, qotil va beshafqat Kendi roli tegdi. Uning tasavvuridagi “jyentlmen” qo‘l siqish bilan foydali kelishuvni amalga oshiribgina qolmay, tirik odamni bir to‘da itlar tilkalab tashlashiga qo‘yib beradi.

 

“Buyuk Getsbi”

Film Skott Fitsjyeraldning shu nomli romani asosida suratga olingan. Leonardo bu filmda Jyey Getsbi — katta ziyofatlar uyushtiradigan, har doim jilmayib turadigan, ammo uning hisobiga maishat qiladiganlarning barchasi uchun jumboqligicha qoladigan badavlat kishini o‘ynagan. U qahramonini juda yaxshi ochib bergan, rol atay di Kaprio uchun yozilganga o‘xshaydi. Maqsad sari olg‘a intiluvchan, orzusiga yetish uchun kurashadigan va hammasini qaytarishga, nihoyat, baxtga erishishga ishonadigan inson xarakterini, aktyor chiroyli ochib bergan. 

 

“Uoll-stritlik bo‘ri”

“Uoll-stritlik bo‘ri” komedik dramasida Leonardo jozibali, ammo betayin, bozorda katta pul topib, sayoq yurishni yoqtiradigan moliyachi Jordan Belfortni o‘ynagan. Leonardo bu film uchun “Oltin globus” mukofotini oldi, ammo “Oskar”, avvalgidek, nasib qilmadi.

 

Va nihoyat, Amerika kinoakademiyasi 88-marta o‘tkazilgan taqdimotda "Eng yaxshi erkak aktyor" yo‘nalishidagi mukofotni "Omon qolgan" filmidagi roli uchun Leonardo Di Kaprioga topshirdi.

Shu tariqa DiKaprio oltinchi urinishda tan olindi.

Bu yo‘nalishdagi mukofotga Di Kapriodan tashqari Brayan Krenston (“Trambo”), Maykl Fassbender (“Stiv Jobs”), Mett Deymon (“Marslik”) va Eddi Redmeyn (“Daniyalik qiz”) ham da'vogarlik qilishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: