Farg‘onada o‘tkazilgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasi mutaxassislarini ish bilan ta'minlash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada 33 korxona, tashkilot va muassasa o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Universitet hamda kasb-hunar kollejlarining 300 dan ortiq bitiruvchisiga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. 60 ga yaqin yosh mutaxassis bilan shu yerning o‘zida mehnat shartnomasi imzolandi.
Ana shunday “Ta'lim va mutaxassislik” ko‘rgazmasi va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida ham o‘tkazildi. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha universitet va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan yoshlar sohaga daxldor korxona va tashkilotlar taqdim etgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi.
–Mamlakatimizda yoshlar bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialining ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi boshlig‘i Hikmat Safarov. – O‘tgan o‘quv yilida 220 dan ortiq bitiruvchining 97 foizi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarga ishga joylashdi. Bugungi yarmarka ham ish beruvchi va yosh mutaxassislar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.