Bugatti kompaniyasi yangi giperkari Chiron’ni rasman namoyish qildi. Bu mashina 2016 yilgacha ishlab chiqarilgan Veyron modeli o‘rnini bosadi. Yangi model 1500 ot kuchiga ega W16 dvigatelini oldi. Avtomobilning maksimal tezligi 420 km/soat bilan chegaralangan.
Hammasi bo‘lib bunday mashinadan 500 dona chiqariladi. Mashinaning minimal narxi soliqlar hisobga olinmaganda 2,4 mln yevroni tashkil qiladi. Bu modeldagi birinchi mashinalar 2016 yilning sentabrida yig‘ilishi boshlanadi.
Bugatti.da ta'kidlanishicha, dvigatelning quvvatini avvalgi modelnikidan chorak qismga oshirish uchun muhandislar dvigatelning qismlarini qayta ishlashlari yoki butkul boshqatdan yaratishlariga to‘g‘ri keldi. Misol uchun, motor bosqichli purkash tizimi oldi. Motordagi ikkita turbina past oborotlarda ishlaydi, qolgan ikkitasi esa tirsakli valning 3800 obrotidan keyin ishlay boshlaydi. Bunday sxema quvvatni 2000 oborotdan keyin bir maromda to‘plashga imkon beradi.
Bugatti Chiron motori 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Giperkar, shuningdek, to‘liq privodli tizim bilan jihozlangan.
"Shiron" joyidan 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada, 200 km/soat tezlikka 6,5 soniyada, 300 km/soat tezlikka esa 13,6 soniyada erishadi. Mashinaning standart rejimdagi maksimal tezligi 380 km/soatni tashkil qiladi. Mashinani 420 km/soat tezlikkacha tezlashtirish uchun maxsus kalitdan foydalanish kerak bo‘ladi.
Chiron karbon monokok (yaxlit konstruksiya) atrofida yasalgan. Shassisining orqa qismi karbondan ishlangani uning Veyron’dan 8 kg yengilroq bo‘lishiga imkon bergan.
Mashinaning kuzov panellari ham karbondan yasalgan. Model ham passiv, ham aktiv aerodinamik elementlar olgan. Passiv elementlar mashinaning uzellari va agregatlarini sovitish uchun ishlatiladi. Misol uchun, yon tomonlardagi maxsus teshiklar havoni g‘ildirak disklari orqali yo‘naltirish uchun moslab ishlangan, bu esa tormoz mexanizmlarini sovitishni ta'minlaydi.
Bundan tashqari, model faol orqa aksqanoatlar bilan ta'minlangan. U to‘rt rejimda: to‘liq yig‘iq, biroz ko‘tarilgan, to‘liq ko‘tarilgan va aerodinamik tormoz holida ishlaydi.
Bugatti Chiron’ning adaptiv shassisida 5 ta ishlash rejimi mavjud. Ular yo‘l bilan oraliqni, amortizatorlar bikrligini, to‘liq privod tizimi ishini, rulga kuchlanishni, avtomobil aerodinamikasini hamda barqarorlashtirish va tormoz tizimlari harakati algoritmini o‘zgartiradi.
Lift rejimi tezlikni kamaytirish to‘siqlaridan o‘tish yoki mashinani treylerga yuklash uchun ishlatiladi. U 50 km/soat tezlikda ishlaydi. Keyin esa EB Auto rejimi avtomatik tarzda yoqiladi, undagi sozlamalar o‘zgarishiga elektronika javob beradi. Autobahn rejimi 180 km/soat tezlikdan keyin avtomatik tarzda yoqiladi va avtomagistrallar bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanishni optimallashtiradi. Handling rejimi avtomobilning tizimlari va komponentlarini trekda yurishga moslaydi. Bu rejimlarni rul chambaridagi joystik bilan boshqarish mumkin. Oxirgi 5-rejim – Top Speed maxsus kalit bilan yoqiladi va "Shiron"ga 420 km/soat tezlik bilan harakatlanishga imkon beradi.
Giperkar karbon-keramik diskli tormoz mexanizmlari bilan jihozlangan. Chiron shinalari Michelin kompaniyasi bilan birgalikda yaratilgan. Mashinaning oldi qismida 285/30 R20 o‘lchamdagi, orqa qismida 355/25 R21 o‘lchamdagi shinalar o‘rnatilgan.