Qirg‘izistonda bosqinchilikda ayblangan erkak Bishkek sudi konvoirlaridan ular bilan birga saunada dam olish paytida qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda 29 fevralda Qirg‘iziston bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lum qildi.
25 yoshli avval sudlangan Ozobdek Alimqulov qo‘riqchilar kuzatuvida Bishkek tergov izolyatoridan sud binosiga olib kelingan va hibsga olinganlar uchun mo‘ljallangan xonaga joylashtirilgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, keyinroq qo‘riqchilar sudlanuvchini sud binosidan olib chiqib, uning rafiqasi uyiga borishgan va u yerdan saunaga borib, u yerda spirti ichimliklar ichib, qizlar bilan ko‘ngilxushlik qilishgan.
Saunada sudlanuvchi alohida xonada noma'lum qiz bilan birga bo‘lgan. Birozdan keyin qo‘riqchilar sudlanuvchi xonadagi darchadan qochib ketganini aniqlashgan.
Qirg‘izistonning Chuy viloyati Alamedin tumani prokuraturasi qo‘riqchilarga nisbatan "Xizmat lavozimlarini suiiste'mol qilish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ular hibsga olinib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildilar.
"Sputnik. Kyrgyzstan" portalining ma'lum qilishicha, bir necha bor sudlangan Alimqulov 4 ta sherigi bilan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga bosqinchilik qilishda ayblangan. Jinoyatchilar AYoQShdan yarim million qirg‘iz so‘mi olib chiqib ketishgan.