2016 yilning 23-27 fevral kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan an'anaviy xalqaro turnirda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari bittadan oltin va bronza medaliga sazovor bo‘ldilar.
67-bor tashkil etilgan mazkur xalqaro turnirning bu yilgi bahslarida 40 davlatdan kelgan 300 nafardan ziyod erkaklar va ayollar 13 komplekt medallar uchun bahs yuritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medalni Mahmud G‘oipov (-69 kg) keltirdi. U hal qiluvchi final jangida mezbonlar vakili Simyon Chamovni 3:0 hisobida yengdi.
2010 yili Singapurda o‘tkazilgan birinchi yozgi o‘smirlar Olimpiada o‘yinlari sovrindori Sardor Begaliyev (-91 kg) yarim final jangida rossiyalik Yevgeniy Tishenkoga imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan taqdirlandi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.