Falcon 9 raketasining parvozi uchishiga bir soniya qolganda bekor qilindi

Jahon 06:59 / 29.02.2016 4204

Falcon 9 raketasi uchirishning avariyaviy to‘xtatilishi sababli fazoga uchirilmadi, buning sabablari aytilmayapti. Bu haqda raketani uchirishning tashkilotchisi SpaceX kompaniyasi ma'lum qildi. 

Raketa Floridadagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan 29 fevral Toshkent vaqti bilan 05:21 da uchirilishi kerak bo‘lgan, biroq raketa fazoga ko‘tarilishiga bir soniya qolganda boshqaruv markazi uchishni avariyaviy to‘xtatishga buyruq berdi va shundan keyin raketa dvigatellari o‘chgan.

Raketa uchirilishi translyatsiyasini olib borgan boshlovchi bunday vaziyatlarda belgilangan barcha jarayonlar bajarilgani, raketa va parvoz maydonchasiga ziyon yetmagani, yong‘in bo‘lmaganini ma'lum qilgan.

SpaceX kompaniyasida ham raketa shikastlanmagani ta'kidlangan. Kompaniya boshqa urinishni amalga oshirmaslikka va parvozni boshqa sanaga ko‘chirishga qaror qilgan. Navbatdagi urinish qachon amalga oshirilishi haqidagi qaror ma'lumotlar tahlil qilingandan keyin qabul qilinadi.

Raketa fazoga SES-9 sun'iy yo‘ldoshini olib chiqishi kerak bo‘lgan. Bu yo‘ldosh Boeing kompaniyasi va SES yo‘ldoshlar operatoriga tegishli. Yo‘ldosh Shimoli-sharqi Osiyo va Indoneziyada kommunikatsiya signallari hamda Hind okeanida kemalar o‘rtasidagi aloqani ta'minlash uchun mo‘ljallangan.

Ko‘proq yangiliklar: