Shu yilning yoz oylarida, Yevrosiyo kinosanoati uchun beriladigan sovrin taqdimoti bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Mazkur mukofot «Oskar» sovrini analogi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiya Kinoshunoslar uyushmasining raisi o‘rinbosari Oleg Ivanov RIA "Novosti axborot" agentligiga xabar berdi.
«Sovrinning taqdimoti yoz oylarining birida bo‘lib o‘tadi, o‘ylaymanki u MMKF bilan birga o‘tkaziladi, lekin bu taqdirlash marosimi emas, balki sovrinning e'lon qilinishi bo‘ladi», — deb aytib o‘tdi Ivanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdirlash marosimi keyingi yil o‘tkaziladi.
Avvalroq Rossiya Kinoshunoslar uyushmasining raisi, rejissyor Nikita Mixalkov Yevrosiyoning kinosanoati uchun «Oskar» kabi mukofotni joriy etish taklifi bilan chiqqan edi. Rejissyorning bu fikriga Xitoy va Hindistonda ham katta qiziqish bildirilgan.