Umra ziyoratchilari minnatdorlik maktublarini yo‘lladi

O‘zbekiston 12:51 / 28.02.2016 3183

Saudiya Arabistoni Podshohligidagi umra ibodatini ado etib, belgilangan jadval bo‘yicha O‘zbekistonga uchib kelgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar o‘z minnatdorlik maktublarini bitmoqda. Ana shunday shukronalik maktublaridan bir nechasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitanining rasmiy saytida e'lon qilindi.

“Avvalo, Alloh taologa bizlarni shu yerga musharraf aylagani uchun behisob hamdu sanolar bo‘lsin. Istiqlol sabab din borasida keng imkoniyatlar ochildi. Har yili Haj va Umra ibodatlarini emin-erkin ado etish uchun diyorimiz ziyoratchilariga keng sharoitlar yaratib berilmoqda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga rahmatlar aytamiz. Chunki podshosi odil yurt xalqining hayoti farovon, ibodati komil bo‘ladi. Bugun otta bobolarimiz orzu qilib o‘tgan Umra ammalarini bajarish baxtiga muyassar bo‘ldik. Bu yerdagi ishlarni yuqori darajada tashkil etgan ishchi guruhi, shifokorlar va guruhimiz rahbariga alohida minnatdorlik bildiramiz. Ularning biz keksa ziyoratchilarga bergan yordamlari juda ham ulkan bo‘ldi”, deyiladi Toshkent shahri 1, 2, 3-guruhi hojilari nomidan kelgan maktubda.

Farg‘ona viloyati 3-guruh ziyoratchisi mehnat faxriysi, 72 yoshni qarshilagan Hamdamov Abdumajid ota esa o‘z minnatdorligini quyidagi so‘zlar bilan ifodalagan:

“Bilasizlar, Harami sharifda odam ko‘p, bir soniyaga e'tiboringizni yo‘qotsangiz o‘z guruhingizdan ajralib qolishingiz turgan gap. Bunday vaziyatga tushib qolgan paytimda vatanimiz bayrog‘i mavjud maxsus tikilgan nimchalardagi uch-to‘rt kishini ko‘rdim-u, qalbimda umid nishonalari uyg‘onib, ko‘zimga bilinar-bilinmas yosh keldi. Yuragimdan mamlakatimiz bayrog‘i naqadar chiroyli va maftunkor ekanini his qildim, ichimdan faxr tuyg‘usi uyg‘ondi. Mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar, dush, vanna, yumshoq o‘rindiqlar, konditsionerli xonalar, Harami-sharifga borib-kelishda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun maxsus davlatimiz bayrog‘i aks etgan avtobuslarning yo‘lga qo‘yilgani bizlarga safar qiyinchiliklarini sezdirmadi. Har kuni uch mahal o‘zimizning milliy ovqatlarimizni tayyorlangan oshpazlarimiz, havo almashinuvi va shu bilan bog‘liq boshqa o‘zgarishlarni sezdirmaslik uchun vatanimizdan kelgan shifokorlar guruhi, tashkil etilgan tibbiy markazlar bizda uchrashi mumkin kasalliklarni oldini olishga yordamlashmoqda...”

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilgi bahorgi umra ziyoratini jami 5498 nafar o‘zbekistonlik ado etdi.

Ko‘proq yangiliklar: