Xitoyning maxsus ma'muriy hududi hisoblanuvchi Makao shahrida yirik korruptsion mojaro avj olmoqda. Bu mojaroning asosiy figuranti bu hududning sobiq bosh prokurori Xe Chaomin bo‘ldi. South China Morning Post nashrining ma'lum qilishicha, 27 fevralda Xe Chaomin Gonkongga ketayotgan paromga o‘tirmoqchi bo‘lganda hibsga olingan.
Bu ish bo‘yicha Chaominning bir necha sobiq hamkasblari hibsga olindi, ularning nomlari oshkor etilmayapti. Ma'lum qilinishicha, gumon qilinuvchilar Makaodagi xususiy kompaniyalar foydasiga 21 mln dollarlik noqonuniy sud qarorlarini chiqarishga aloqadorlar. Ular "otkat" ko‘rinishida bu undirilgan pullardan 5,5 mln dollar olganlar.
Xe Chaomin Makao Portugaliyadan Xitoy yurisdiksiyasiga o‘tgan 1999 yildan 2014 yilgacha prokuraturani boshqarib kelgan. U iste'foga ketgandan keyin Makao ma'muriyatining keyingi rahbari lavozimiga asosiy nomzodlardan biri hisoblanayotgan edi, biroq o‘z nomzodini saylovlarga qo‘yishni rad etgandi.
Joriy korruptsion mojaro 2009 yildan beri eng yirigi bo‘lmoqda. O‘shanda Makaoning transport va jamoatchilik ishlari bo‘yicha sobiq kotibi Ao Man Long katta miqdordagi poraxo‘rlik uchun 28,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
650 ming aholiga ega Makao Gonkongdan g‘arbga tomon 60 km uzoqlikda joylashgan va Xitoyda qimor biznesi qonuniylashtirilgan va rivojlanayotgan yagona yer hisoblanadi. Oxirgi yillarda katta qurilishlar bilan qamrab olingan shahar ko‘plab kazino va megaotellarning mavjudligi sababli "Osiyo Las-Vegasi" deb ataladi.