Firibgar yo‘lovchi ayol qo‘lga tushdi

Jamiyat 15:39 / 28.02.2016 10146

Odam insofini yo‘qotsa, qing‘irlikning har qanday turini o‘ylab topadi. Ko‘chadagi odamlarni makr bilan aldab, pul topishni o‘ziga odat qilgan toshkentlik ayol huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlandi.

“Ogoh” gazetasining yozishicha, muqaddam sudlangan ayol Yashnobod tumanidagi serqatnov yo‘lda “Lasetti” rusumli taksi avtomashinasini to‘xtatadi. Aytgan manzili bo‘yicha kelishib, mashinaga o‘tiradi. Asalobod dahasida avtomobilni to‘xtatishni so‘rab, ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi dugonasinikidan xonadoni kalitini olib chiqish kerakligini aytadi.

Ammo o‘zining nogironligini bildirib, buni taksichidan iltimos qiladi. Yolg‘onlarga “laqqa” tushgan haydovchi u aytgan uyga chiqib ketadi. Rejasi amalga oshgan makkora ayol esa avtomobildagi ikki yarim million so‘mni o‘g‘irlab, juftakni rostlaydi.

Aniqlanishicha, jinoyatchi bir necha bor odamlarning pulini shu usul bilan o‘g‘irlab ketgan. Biroq “Ko‘za kunida sinar” deganlaridek, navbatdagi haydovchining 1 million so‘m pulini o‘marayotganda qo‘lga tushgan va tegishli jazoga tortilgan.

Ko‘proq yangiliklar: