Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boksning yangi yo‘nalishi Butunjahon boks seriyasi, ya'ni WSB hamda APB bo‘yicha tashkil etilgan boks oqshomi yakunlandi. Turnirning birinchi kuni “O‘zbek yo‘lbarslari” jamoasi Puerto-Rikoning “Puerto Rico Hurricanes” bokschilarini 5:0 hisobida mag‘lub etishgandi.
Kecha oqshom musobaqada ilk marotaba ishtirok etayotgan “O‘zbek yo‘lbarslari” jamoasi asosiy raqib – musobaqaning amaldagi va shu bilan ikki karra g‘olibi Qozog‘istonning “Astana Arlans” jamoasiga qarshi ringga ko‘tarildi.
Murosasiz kechgan bahsda hamyurtlarimiz kuchli raqiblarini 4:1 hisobida mag‘lub etishdi. 49 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan jamoamiz yetakchisi Xasanboy Do‘smatov raqibi Temirtas Jusupovni 3:0 (50:40, 50:45, 50:45) hisobida yengdi. 56 kg vazndagi charm qo‘lqop ustamiz Abdulhay Shorahmatov esa Meirbolat Toitovdan xuddi shu hisobda ustun keldi.
64 kg vaznda ringga chiqqan Fazliddin Meliboyev Asxat Ualixanovni 3:0 (49:46, 49:46, 49:46) hisobida taslim etdi. Bu bilan jamoamiz amaldagi chempionlarni muddatidan avval mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lishdi. 75 kg vazndagi bokschimiz Xurshid Normatov Meyirim Nursultanovga 0:3 (47:48, 47:48, 47:48) hisobida imkoniyatni boy berdi. 91 kg vazndagi Mirzabek Hasanov esa Yerkin Muxamedjanni 3:0 (48:47, 48:47, 48:47) hisobida dog‘da qoldirdi.
APB yo‘nalishida tashkil etilgan har ikki jangda ham bokschilarimiz raqiblarini mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi. 81 kg vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustamiz Zuhriddin Mahkamov ruminiyalik Aleksandr Machedonni 3:0 (60:54, 60:53, 60:54), +91 kg vazndagi Ulug‘bek Mubinov esa murosasiz kechgan jangda xorvatiyalik Marin Mindolevichni 3:0 (58:56, 58:56, 58:56) hisobi bilan mag‘lubiyatga uchratdi.