Avvalroq xabar qilinganidek, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan qarindoshlik aloqalari bilan bog‘langan hamda McDonald's franshizasiga ega bo‘lgan tadbirkor Qayrat Bo‘ronboyev 3-5 yil ichida Qozog‘istonda franchayzing asosida 15 ta McDonald's restoranini ochishni rejalashtirmoqda.
Qozog‘iston McDonald's restoranlari ochiladigan 120-davlat bo‘ladi. Qozog‘istondagi restoranlarga mahsulotlarning katta qismi Rossiyadan yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Bo‘ronboyev, mahalliy yetkazib beruvchilarning tarmog‘ini rivojlantirish muhim deb hisoblamoqda. Jumladan, Coca-cola ichimliklari mahalliy bozordan yetkaziladi. Bundan tashqari, tadbirkor salatlar va non-bulka mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini izlamoqchi.
Bo‘ronboyev McDonald's taomnomasiga mahalliy taomlardan, misol uchun ot go‘shtidan tayyorlangan burgerning kiritilishi imkoniyati haqidagi savolga korporatsiya ko‘pincha taomnomani mahalliylashtirish yo‘lidan borishini va buning imkoni borligini aytdi. "Ko‘pgina davlatlarda mahalliylashtirish, mahalliy milliy taomlar bor. Mijozlarimiz ehtiyojlaridan kelib chiqamiz va kelajakda mahalliy oshxonaga mo‘ljal qilamiz", deb aytdi Bo‘ronboyev.
Ta'kidlanishicha, Qayrat Bo‘ronboyevning qizi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev nabirasining rafiqasi hisoblanadi.