Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2015 yilda Farg‘ona viloyatida 414 ming tonna meva, 783 ming tonna sabzavot, 277 ming tonna kartoshka, 71 ming tonna poliz mahsulotlari, 113 ming tonna uzum yetishtirildi. Viloyat ehtiyojidan ortgan 120 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Joriy yilda viloyatda 1 million 800 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning qariyb 300 ming tonnasi eksport qilinadi.
Bu haqida Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Farg‘ona vodiysining meva-sabzavotchilik tarmoqlari: eksport salohiyati” mavzusidagi xalqaro biznes-forumda ma'lum qilindi. Forumda Germaniya, Belarus, Rossiya, Latviya, Litva, Qozog‘iston kabi davlatlarning yirik savdo uylari, transport, logistika xizmatlarini amalga oshiruvchi kompaniyalari, sohaga ixtisoslashgan firma va uyushmalar rahbarlari ishtirok etdi, deb yozadi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.
Biznes-forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda, xususan, Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma'lumot berilgan.
Tadbir doirasida fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar yetishtirgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan.