Zika virusi: Dunyoga tahdid solayotgan bu kasallik qay darajada va qay jihatlari bilan xavfli?

Jamiyat 18:50 / 21.02.2016 16749

Yaqin-yaqingacha Afrika aholisi va boshqa ba'zi orol davlatlar aholisiga zarar yetkazgan, ekzotik kasallik hisoblangan Zika virusi endilikda global tahdid deya e'lon qilindi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Lotin Amerikasida keng tarqalib borayotgan Afrikaning Zika virusi Kanada va Chilidan tashqari butun g‘arbiy yarim sharga xavf tug‘dirayotganini e'lon qilgan. Qon so‘rar pashshalar orqali yuqadigan Zika virusi keltirib chiqaradigan bezgak inson hayoti uchun tahdid uyg‘otmaydi.

Uning ta'siri bolalardagi mikrotsefaliya bilan bog‘liq. Janubiy Amerikadan uzoqda yashaydiganlarga bu virus to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solmasligi mumkin, biroq haqiqat shundaki, insonlar va kasalliklar sayohat qilishadi. Keling, nimadan qo‘rqish va nimadan ehtiyot bo‘lish kerakligini aniqlab olamiz.

Zika virusi: nima uchun xavotirga tushish darkor?
Agar homilador ayol Zika virusi bilan kasallangan bo‘lsa, bu bola miyasining zararlanishi bilan tug‘ilish xavfini oshiradi. Virusga qarshi vaksina, maxsus dorilar mavjud bo‘lmagani kabi bolani uning ta'siridan himoya qilish imkoniyati ham mavjud emas. Virus va uning asoratlari kam holatlardagina uchrashi insonni xursand qiladi.

Zika virusi 20 foiz holatlardagina haroratning ko‘tarilishi, toshma toshishi, bo‘g‘imlardagi og‘riq va kon'yunktivit bilan kechadi. Kasallanganlarning ko‘p qismi haroratning biroz ko‘tarilishini boshdan kechirishadi va kasallik belgilarini umuman his qilishmaydi. Kasallikning barcha belgilari ikki kun, ko‘pi bilan bir haftada o‘tib ketadi.

Zika virusi flaviviruslar turiga kiradi, bu sariq bezgak va denge bezgagining qarindoshi. Mazkur kasalliklarning bari chivinlar orqali yuqadi.

Yaqin vaqtgacha Zika virusiga katta ahamiyat qaratilmagan. U kam uchrar, unga jiddiy kasallik sifatida qaralmas edi. Biroq kasallikning 2015 yilda Braziliyada avj olishi virus va yangi tug‘ilgan chaqaloqlardagi mikrotsefaliya orasidagi o‘zaro bog‘liqlikka aniqlik kiritdi.

Homilador ayollarga virus tarqalgan mamlakatlarga bormaslik maslahat berildi.

Zika virusi va mikrotsefaliya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniq emas, biroq ana shunday ehtimol mavjud. Virus Braziliyaga yaqinda, ya'ni 2014 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish vaqtida yetib bordi. Ana shundan keyin mikrotsefaliya holatlari avj oldi. Virus tarqalishda davom etishi mumkin: yozgi Olimpiada-2016 Rioda bo‘lib o‘tadi.

Braziliya hukumati yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda 4 ming nafarida bosh aylanasi 33 sm dan kam ekanligini aytmoqda. Taqqoslash uchun: odatda mamlakatda har yili 150 nafardan ortiq bo‘lmagan miqdorda mana shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Raqamlar bo‘rttirib yuborilgan bo‘lishi ham mumkin: bolalarning katta qismi bosh hajmining kichik bo‘lishiga qaramay sog‘lom. Bundan tashqari, ba'zilarda mikrotsefaliya boshqa sabablar tufayli yuzaga kelgan. Mana shu istisnolar ajratib olinishiga qaramay, qolgan barcha holatlar Zika virusining zararini namoyish etmoqda.

Faqat homilador ayollar xavotirga tushishi kerakmi?
Boshqalar uchun ham xavotirga asos bor. Homilador bo‘lmaganlarni ham xatarga soladigan Giyen-Barre sindromi asorati kuzatilishi mumkin. Bu organizmning immun tizimi o‘z asab hujayralariga zarar keltiradigan, kam kuzatiluvchi kasallikdir. Sindrom yuqumli kasalliklar - enteritdan tortib, grippgacha bo‘lgan kasalliklar bilan boshlanadi.

Zika virusi va Giyen-Barre sindromi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuqorida aytib o‘tilganidek isbotlanmagan. Biroq Braziliyada Zika virusi va mazkur sindromning avj olishi bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Zika virusi jinsiy yo‘l orqali ham yuqishi mumkin. AQShda ana shunday holat qayd etildi: juftlikning bir vakili virus tarqalgan mintaqada bo‘lib qaytgan va boshqasiga bu virusni yuqtirgan. Shunga o‘xshash yana ikkita holat (biri 2007 yilda, boshqasi 2011 yilda yuz bergan) bu ehtimoldan xoli emasligini namoyish etmoqda. Yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Skot Uive (Scott Weaver) The New York Times’ ga bergan intervyusida bu holatni quyidagicha izohlagan:

"Agar menda Zika virusi kuzatilganida, bu vaqtda mening rafiqam reprodktiv yoshda bo‘lganida, men bir necha hafta davomida qo‘shimcha ravishda saqlangan bo‘lar edim". (Skott Uive)

Jinsiy yo‘l bilan yuqish holati mavjud bo‘lsa ham, u juda kam uchraydi. Biroq bu mazkur ma'lumotni inkor etish mumkinligini anglatmaydi. Shunday ekan xavfli mintaqalarga sayohat qilar ekansiz, uyda ham himoyalanishni unutmang.

Yana bir muhim jihat mavjud. Agar bolali bo‘lishni rejalashtirmayotgan bo‘lsangiz, biroq nazariy jihatdan homiladorlik ehtimoli bo‘lsa, homiladorlar uchun berilgan ko‘rsatmalarga boshqalar ham amal qilishlari lozim. Boshqacha qilib aytganda, sayohatgacha, sayohat vaqtida va undan keyin alohida e'tibor bilan saqlanish lozim va repellentlarni ehtiyotkorlik bilan tanlash kerak. Nima bo‘lishi mumkinligini oldindan bilib bo‘larmidi?

Repellentlar yordam beradimi?
Ha, yordam beradi. Hech narsa yuz foizlik kafolat bermaydi, biroq tarkibida DETA bo‘lgan repellentlar chivinlarni samarali ravishda haydaydi. Tabiiy tarkibga ega bo‘lgan vositalar ham ish beradi.

DETAdan to‘g‘ri foydalanilsa, homiladorlik holatlarida ham xavfsizdir. Himoyani vaqtida yangilang, chunki bir necha soat o‘tgach, repellentning ta'siri kamayadi.

Qaysi mintaqalar xavfli hisoblanadi?
Borish uchun xavfli sanalgan mamlakatlarning to‘liq ro‘yxati bu yerda keltirilgan. Ro‘yxatda 25dan ortiq band bor, u yerdan orol davlatlar ham o‘rin olgan.
Mikrotsefaliyaning avj olish holatlari quyidagi rasmda aks ettirilgan. Bu interaktiv xarita skrinshoti bo‘lib, unda batafsil ma'lumotni topish mumkin.

Mikrotsefaliyaning avj olish xaritasi
Zika virusi ilk marotaba 1947 yilda Afrikada qayd etilgan, biroq u yerda virus epidemiya darajasiga yetmagan, alohida holatlargina kuzatilgan.
U sariq bezgak chivini turidagi chivinlar orqali yuqadi. Uni mayda oq dog‘lar orqali tanib olish mumkin. Hashoratlar kunduz kuni faol bo‘ladi. Chivinlar yashaydigan barcha mintaqalarda ham kasallik avj olish holatlari kuzatilmayapti, biroq kasallikni yuqtiruvchilar bor ekan, kasallik ham yuzaga kelishi mumkin.

Zika virusini tarqatuvchilar
Ushbu chivinlar iliq iqlimni xush ko‘radi. Issiq mamlakatlardan kasallikni yuqtirib olish orqali kasallik tarqalishi mumkin.

Xavfli deb hisoblangan mintaqaga borishning bo‘lajak bola uchun tahdidi
U qadar katta emas. Braziliyada qayd etilgan 4000ta mikrotsefaliya holati barcha chaqaloqlar umumiy sonining 0,1 foizini tashkil etgan.
Homilaning zararlanishi havfi homiladorlik vaqtida tsitomegalovirusni yuqtirib olish xavfiga teng. Qizamiq, qizilcha va parotitga qarshi vaksina mavjud bo‘lmagan vaqtlarda aynan qizilcha mikrotsefaliyaning asosiy sababi bo‘lgan. Ya'ni mikrotsefaliyani Zika virusi orqali yuqtirib olish xavfi odatiy kasalliklarga qaraganda kamroq. Shuning uchun hatto Braziliyada ham ayniqsa repellentdan foydalanilganida kasallanish mushkul. Biroq homiladorlarga sayohatni keyinga surib turishga to‘g‘ri keladi.

Bola Zika virusi bilan kasallanganligini qanday aniqlash mumkin?
Agar homilador bo‘lsangiz, shifokorga yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatda bo‘lganingizni ayting. Agar toshmalar, yuqori harorat va ko‘zlarning qizarishi holatlari yuz bersa, bu haqida tezkorlik bilan shifokorga ma'lum etish darkor. Kasallik boshqa yuqumli kasalliklar kabi simptomatik davolanadi. Homiladorlarga qo‘shimcha ko‘rik talab etilishi mumkin:
PTsR usuli bilan qon tahlilini o‘tkazish
Amniosentez – homila atrofidagi suvdan olib, virus mavjudligini tahlil etish;(Biroq bu usul homila uchun xatarli, shuning uchun juda kam hollardagina qo‘llaniladi);
Har 3-4 haftada doimiy ravishda ultrato‘lqinli tadqiqot o‘tkazish. (Bu esa bola miyasining rivojlanishini kuzatib borish imkonini yaratadi;

Murakkab sanalgan jihat shundaki, testning qanday natijalari mikrotsefaliyasi mavjud bo‘lgan bola dunyoga kelishiga ta'sir ko‘rsatishini aniq aytish imkonsiz. Ultrato‘lqinli tadqiq etish ham homiladorlikning 24 haftasigacha mazkur kasallikning rivojlanishini ko‘rsatib berolmaydi.

Shuning uchun, Zika virusini yuqtirib olgan bo‘lsangiz, noma'lumliklar talaygina bo‘lgan mushkul vaziyatda qolasiz Hech kim qonning ijobiy tahlili nimaga olib kelishi va virus bolaga qanday ta'sir o‘tkazishini bilmaydi.

Zika virusi bolalarga keyinchalik qanday ta'sir ko‘rsatadi?
“Mikrotsefaliya – bu qora quti”, - deya yozadi jurnalist Ana Kaseras (Ana Caceras). Shifokorlar u yura olmaydi, gapira olmaydi deyishgan edi. Biroq ular xato qilishdi.
Ko‘plab holatlarda shifokorlar haq bo‘lib chiqishadi: mikrotsefaliya og‘ir oqibatlarga olib keladi, bolalar hayotdan erta ko‘z yumishadi. Zika virusi eng og‘ir holatlarni yuzaga keltiradi.

Hozircha bu yangi kashfiyot, shuning uchun virus tufayli mikrotsefaliya bilan tug‘ilgan bolalar qanday rivojlanishini oldindan aytish qiyin. Misol uchun tsitomegalovirus miyadagi hujayralarni shikastlantiradi, shuning uchun asab to‘qimasi keragicha rivojlanmaydi. Zika virusi ham shunday ishlashi mumkin.

Mikrotsefaliyani qaytarish mumkin emas, bunday bolalarning maksimal ravishda imkonli rivojlanishi bilan davolashga erishish mumkin.

Butun dunyoda bu borada nimalar amalga oshirilmoqda?
Vaktsinasiz va maxsus dorilarsiz ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Mamlakatlar sayyohlar uchun maslahatlar ro‘yxatini ishlab chiqishmoqda va homilador ayollarga xavfli joylarga bormaslikni tavsiya qilishmoqda.

Braziliya va Salvadorda homiladorlikni biroz muddatga qoldirishni taklif qilishmoqda (Salvadorda 2018 yilgacha). Bu maslahatga rioya qilish oson emas (ayniqsa Salvadorda, bu yerda kontratseptsiya qimmat turadi).

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir necha yo‘nalishda ish olib boryapti:
Tashxis va testlarni rivojlantirish. Bu vaksina va davolashni ishlab chiqishga qaraganda muhimroq vazifadir. Sifatli test o‘tkazishsiz kimni davolash kerakligi va kasallikning qay darajada avj olganini aytib berish mumkin emas.

Chivinlar ko‘payishining oldini olish. Insonlarga kasallikni yuqtirib olish xavfini kamaytirish uchun himoya vositalari zarur.

Epidemiya tarqalgan mamlakatlarga vrachlik yordamini ko‘rsatish. Misol uchun, u yerda mikrotsefaliyasi bo‘lgan bolalarga nevrolog va fizioterapevtlarning yordami kerak.

Tashkilot virus tarqalgan mamlakatlarga borish bilan bog‘liq cheklovlarni belgilamayapti. Biroq ba'zi mamlakatlar homiladorlarga xavfli mintaqalarga bormaslikni maslahat berishmoqda.

Hozirgi vaqtda Zika virusi bilan kurashishning eng samarali usuli dezinseksiya, ya'ni chivinlarga qarshi kurashish bo‘ladi. Bu to‘planib qolgan suvlarni yo‘q qilish va insektitsidlardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.

Chivinlar ko‘plab kasalliklarni tarqatgani tufayli Zika virusi atrofidagi hadiklar ular bilan kurashishda qo‘l kelishi mumkin. Vaktsina ishlab chiqish arafasida, yil oxirigacha sinovdan o‘tkaziladi. Zika virusining ta'siri bilan bog‘liq noma'lum masalalar yaqin yillarda aniqlanadi, zararlangan bolalar esa imkoni boricha o‘sish va rivojlanishda davom etadi, shifokorlar esa qayta tiklanishning eng samarali usullarini izlaydilar. Shuning uchun hozirda mazkur virus qay darajada xavfli ekanini aytish mushkul. Bu masala o‘rganib chiqish bosqichida ekan, ehtiyotkorlik choralarini qo‘llash foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: