Suriya prezidenti Bashar Asad Belarus davlati delegatsiyasini kutib oldi. Delegatsiyaga Belarus kompartiyasi birinchi kotibi Igor Karpenko boshchilik qildi. Uchrashuv davomida Suriya ixtilofini tartibga solish variantlari hamda Belarus va Suriya o‘rtasida savdo va iqtisodiyot sohalarida hamkorlik va siyosiy dialog imkoniyatlari muhokama qilindi.
Belarus delegatsiyasi Asadga Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning rasmiy nomasini yetkazdi.
"Nomada Suriya xalqi va prezidentiga qo‘llab-quvvatlash so‘zlari, Suriya va Belarus o‘rtasida hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish taklifi bildirilgan", deb aytdi Karpenko.
Belarus delegatsiyasi Bashar Asadga "G‘alaba kuni" deb nomlangan suratni Lukashenko nomidan sovg‘a qildi.
"Belarus kompartiyasi har bir xalq o‘zining taraqqiyot yo‘lini, tashqaridan aralashuvsiz, o‘zi mustaqil tanlash huquqiga ega, deb hisoblaydi. Fikrimizcha, Suriya adolatli kurash olib bormoqda", deb ta'kidlab o‘tdi Karpenko.
Eslatib o‘tamiz, Suriya va Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotida kuzatuvchilar maqomini olish uchun 2015 yilda tashkilotga ariza topshirgan.