«Yuventus»ning Italiya chempionatidagi g‘alabali seriyasi to‘xtadi

Sport 09:15 / 20.02.2016 2832

19 fevral kuni Italiya chempionatining 26-turida «Bolonya» hamda «Yuventus» klublari o‘zaro bahs olib borishdi. Unda 0:0 hisobidagi durang natija qayd etildi.

Uchrashuv turinliklarning kichik ustunligida o‘tganiga qaramay, darvozalar daxlsiz qoldi va tomonlar nursiz durangga imzo chekishdi.

Shu tariqa, «keksa sinora»ning 15 o‘yindan iborat g‘alabali seriyasi yakun topdi.

Turinliklar 2015 yilning 31 oktabridan («Torino» 2:1 hisobida mag‘lub etilgan) beri shu vaqtgacha A seriyada o‘tkazilgan 15 tur o‘yinida faqat g‘alaba qozongandi. Endi «Yuventus» «Inter»ning 2006-2007 yillarda qayd etgan 17 o‘yindan iborat g‘alabali seriyasini yangilay olmadi. Bundan tashqari, «Yuventus» bolonyaliklar jamoasi darvozasi tomon o‘yin vaqtida bironta aniq zarba bera olmadi va bunday holat 2011 yildan buyon ilk marta qayd etildi. O‘shanda, 2011 yilning 5 martida «Milan»ga qarshi o‘yinda (0:1) ham turinliklar raqib darvozasiga aniq zarba yo‘llay olmagandi.

Shuningdek, bolonyaliklarga qarshi o‘yinda ham darvoza daxlsizligi saqlab qolinishi evaziga jamoa keyingi yettinchi uchrashuvda "quruq o‘yin" qayd etdi. «Yuventus» ayni vaqtda o‘zidan 1 uchrashuv kam o‘tkazgan «Napoli»ni 2 ochko ortda qoldirgan holda 58 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilib turibdi.

Italiya chempionati, 26-tur

Bolonya – Yuventus 0:0
Bolonya: Mirante - Gastaldello, Masina (Konstant, 73), Mbayye, Mayyetta - Taider (Briyentsa, 82), Diavara, Donsa - Ritstso (Mune, 65), Jakkerini, Destro.
Yuventus: Buffon - Lixtshtayner, Bonuchchi, Bardzali, Evra - Sturaro, Markizio, Pereyra (Kuadrado, 46), Pogba -Dzadza (Dibala, 68), Morata.
Ogohlantirishlar: Gastaldello - Sturaro, Markizio

Ko‘proq yangiliklar: